
Madridning “Real” klubi Chempionlar ligasi chorak finalida “Arsenal”ga ikki uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib (0:3 va 1:2), 2020 yildan buyon ilk bor yarim finalga chiqa olmadi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng jamoada jiddiy o‘zgarishlar kutilayotgani, xususan bosh murabbiy Karlo Anchelottining lavozimidan bo‘shashi ehtimoli oshgani xabar qilinmoqda.
Fabritsio Romano kabi mashhur insayderlar “Arsenal” bilan dastlabki o‘yindan keyin Anchelottining iste’foga chiqish ehtimoli haqida xabar bergan edi. Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, italiyalik mutaxassis 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya kubogi finalidan keyin ishdan bo‘shatilishi mumkin. Ushbu o‘yinda “Real”ning raqibi “Barselona” bo‘ladi.
Hozirda madridliklar Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinda bo‘lib, “Barselona”dan 4 ochko ortda qolmoqda. Anchelottining o‘zi esa vaziyat bo‘yicha shunday izoh berdi:
“Men har qanday vaqtda klubdan ketishim mumkin. Bu qaror rahbariyatning qo‘lida. Hozir yoki mavsum oxirida bo‘lishi mumkin. “Real” bilan ishim yakunlanganda doim minnatdor bo‘laman”, dedi u.
Jamoa prezidenti Florentino Peres ham futbolchilarning Anchelottiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotayotganidan xabardor. Relevo nashrining xabar berishicha, yetakchi futbolchilardan ayrimlari Anchelottining “Arsenal”ga qarshi o‘yin uchun tanlagan taktikasiga qarshi chiqqan va bu haqda prezidentga ham ma’lum qilingan.
Anchelottining o‘rniga asosiy nomzod sifatida “Bayer”ni boshqarayotgan Habi Alonso ko‘rilmoqda. Alonso o‘tgan mavsumda “Bayer”ni chempionlik va kubok g‘olibligiga olib chiqqan edi. Shuningdek, germaniyalik mashhur murabbiy Yurgen Kloppning nomi ham “Real” bilan bog‘lanmoqda. Klopp o‘tgan mavsum yakunida “Liverpul”ni tark etgan va hozirda Red Bull konsernida ishlamoqda. Ammo murabbiylik faoliyatiga qaytishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
“Albatta, Habi Alonso va Yurgen Klopp kabi ko‘plab nomlar tilga olinmoqda. Lekin umid qilamanki, prezident Anchelottini qoldirishga qaror qiladi. “Real”da ishlash har qanday murabbiy uchun qiyin vazifa”, dedi “Real”ning sobiq prezidenti Ramon Kalderon.
Madridliklar navbatdagi uchrashuvini 20 aprel kuni La Liganing 32-turida “Atletik”ka qarshi o‘tkazadi. Jamoa so‘nggi besh o‘yinda faqat bitta g‘alaba qozongan.
Siz nima deb o‘ylaysiz: Anchelotti qolishi kerakmi yoki “Real”ga yangi bosh murabbiy kerakmi?
Real Madrid Anchelotti Chempionlar Ligasi Habi Alonso Klopp Florentino Peres Iste’fo Futbol Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar