
Yozgi transferlar vaqtida tarkibini jiddiy tarzda yaxshilashni rejalashtirayotgan “Manchester Yunayted” rahbariyati hujum chizig‘idagi muammolarni hal qilish uchun kutilmagan qaror qabul qildi.
Xabarlarga ko‘ra, bosh murabbiy Ruben Amorimga kerak bo‘lmay qolgan jamoaning o‘z tarbiyalanuvchisi, taniqli hujumchi Markus Reshford boshqa bir ingliz futbolchisiga almashtirilishi mumkin. “Qizil iblislar” rahbariyati hozirgi vaqtda “Aston Villa”ning taniqli forvardi Olli Uotkinsni tarkibga jalb qilishni ko‘zlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli Reshford yanvar oyida o‘yin amaliyoti yo‘qligi sababli “Manchester Yunayted”dan ijara asosida “Aston Villa” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. Angliya terma jamoasi a’zosi yangi klubi safida shu vaqtga qadar 15 ta o‘yin o‘tkazib, o‘zining yuqori sport formasiga qaytganini ko‘rsatdi. U bu o‘yinlarda 3 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirib, o‘zini yana bir marta namoyon etishga erishdi. Biroq, shunga qaramay, “Yunayted” o‘z tarbiyalanuvchisini ortga qaytarishni rejalashtirmayapti.
Manchesterliklar hujum chizig‘iga boshqa futbolchini qidiryapti va bu o‘ringa 29 yoshli Olli Uotkinsni olib kelishga qaror qildi. Uotkins joriy mavsumda “Aston Villa” safida barcha turnirlarda 48 ta o‘yin o‘tkazib, 16 ta gol va 13 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Bu esa uning yuqori saviyada ekanligidan dalolat beradi.
Qizig‘i shundaki, Chempionlar ligasi chorak finali doirasida “PSJ”ga qarshi uchrashuvda “Aston Villa” bosh murabbiyi Unai Emeri asosiy tarkibda aynan Reshfordni maydonga tushirib, jamoaning asosiy forvardi hisoblangan Uotkinsni zaxirada qoldirgan edi. Endi esa aynan Uotkinsni “Manchester Yunayted” o‘z tarkibiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ruben Amorim boshqaruvidagi “Manchester Yunayted” shu paytgacha hujum chizig‘idagi futbolchilaridan kutilgan natijani ololmagan. Xususan, Joshua Zirkzeye hamda Rasmus Xoylund kabi forvardlar jamoaning asosiy hujumchisi sifatida o‘zlarini ko‘rsatishda qiynalmoqda.
Ayni paytda bu transfer yuzasidan muzokaralar qanday kechishi va bitim qanday yakunlanishi qiziqarli savol bo‘lib turibdi. Muxlislar ham ushbu transfer bo‘yicha yangiliklarni kutib qolgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar