
So‘nggi paytlarda O‘zbekiston terma jamoasi va Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov atrofida turli mish-mishlar tarqalmoqda. Himoyachining so‘nggi 5 uchrashuvda maydonga tushirilmagani fonida ingliz nashrlarida uning “shaharliklar” safidan ketishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Hozir shu mavzuga batafsil to‘xtalishga harakat qilamiz.
O‘zbekiston terma jamoasining mart oyidagi yig‘iniga kelgan Abduqodir Husanov o‘zbek OAV tomonidan ancha iliq kutib olindi. Sababi, futbolchining Angliya Premer Ligasida paydo bo‘lishi nafaqat o‘zbekistonlik muxlislarni, balki boshqa xorijiy mamlakatlarda ham ancha muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu bois uning Toshkentga kelishi rezonanslarga sabab bo‘lgani tabiiy holat. O‘zbekiston terma jamoasining mart oyidagi Qirg‘iziston hamda Eronga qarshi uchrashuvlarida maydonga tushgan Husanov Tehrondan Manchesterga uchib ketdi va barchasi shundan boshlandi.
Xususan, Husanov “Manchester Siti” yig‘iniga yetib borgach, jamoaning Angliya Kubogi chorak finali doirasidagi “Bornmut”ga qarshi bellashuvida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Ammo kutilmaganda, Pep Gvardiola uni ikkinchi bo‘limning boshida Niko O‘Rayli bilan almashtirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, Abduqodirning o‘rniga tushgan ingliz futbolchisi Erling Holandning goliga hammualliflik qildi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi.
Keyinchalik Husanov Angliya Premer Ligasi 30-turidagi “Lester”ga qarshi bellashuvda qaydnomaga kiritilmadi. Ingliz nashrlari ushbu holatda bosh murabbiy o‘zbekistonlik futbolchiga dam olish imkonini bergani, keyingi turdagi Manchester derbisiga yaxshi asrab qo‘ygani haqida xabar tarqatdi.
Shu sababli “Lester”ga qarshi bahsda futbolchining yo‘qligi o‘zbek OAVda unchalik muhokamaga sabab bo‘lgani yo‘q. Lekin Husanov “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushirilmadi va bu Husanovning muxlislarida xavotir uyg‘ota boshladi.
Shundan keyin futbolchi “Kristal Pelas”, “Everton” va “Aston Villa” bilan o‘yinlarda ham zaxirada qoldirildi. Abduqodirning maydonga tushirilmasligi hamda uning asosiy raqobatchisi deya qaralayotgan Niko O‘Raylining ketma-ket gollar kiritishi fonida o‘zbekistonlik muxlislar Husanovning Manchesterdagi safari “qarigani”, O‘zbekistonga kelganida uni tadbirma-tadbir olib yurishgani, hatto bloger Abdurahmon Fozilov futbolchining atrofida o‘ralashib qolgani bilan bog‘lashni boshladi.
23 aprel kuni ingliz nashrlarida “Manchester Siti” o‘zbekistonlik futbolchini ijaraga berishga tayyor ekanligi haqida xabar paydo bo‘ldi. Sababi, “shaharliklar” rahbariyati Husanovning ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini istab, uni vaqtinchalik boshqa jamoaga berishni istamoqda. Aslida bu qanchalik to‘g‘ri? Agar bir tomondan qarasak, bu ancha oqilona qaror. Sababi, O‘zbekiston terma jamoasining oldida muhim bahslar turganida, yosh va iqtidorli himoyachimizning zaxirada ko‘p qolishi — yaxshilik alomati emas. Chunki bu holat futbolchining kelajagiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu bois, “Manchester Siti” kabi qudratli klub bo‘lmasa-da, o‘rtamiyona jamoaga o‘tib, uning asosiy tarkibidan muqim joy egallashi ham futbolchi uchun, ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun muhim.
Ammo yana bir muammo paydo bo‘lishi mumkin — bu til bilan bog‘liq holatlar. Sababi, hozirgi kunda o‘zbek futbolchisi uchun eng katta to‘siqlardan biri — ingliz tilida yaxshi suhbatlasha olmasligi. Agar Husanov Angliya chempionatidagi jamoaga o‘tsa, bu yaxshi. Chunki Pep Gvardiola himoyachining ingliz tilini o‘rganayotgani haqida matbuot anjumanlarida bot-bot takrorlab kelmoqda.
Lekin Ispaniya La Ligasi yoki Italiya A seriyasida ishtirok etadigan klub bilan shartnoma imzolasa, Abduqodirda yana o‘sha holat — yangi muhit, yangi mamlakat va albatta yangi til bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lishi mumkin. Shu bois, uning boshqa klubga o‘tishi ham yaxshi, ham yomon tomonlarga ega.
23 aprel kuni Abduqodir Husanovga oid yana bir xabar paydo bo‘ldi. Ya’ni, o‘zbekistonlik futbolchiga Italiyaning eng qudratli jamoalaridan biri — “Yuventus” qiziqish bildirmoqda. Unga ko‘ra, tomonlar hozirda muzokara o‘tkazmoqda. Hatto “shaharliklar” rahbariyati himoyachini Turin klubi a’zosi Andrea Kambyasoga almashtirish borasida o‘ylab ko‘rayotgani aytildi. Ushbu xabar OAVga sizib chiqqach, o‘zbek muxlislari orasida yana o‘sha fikrlar paydo bo‘ldi: “Husanov uchun barchasi tugadi” yoki “Abduqodirni Abdurahmon Fozilov buzdi” qabilidagi gaplar urchib chiqishni boshladi.

Foto: “Daryo”/Asadbek Berdiyorov
Futbolga qiziqadigan muxlislar yaxshi bilishadiki, “Yuventus” qanday jamoa va unda qay darajadagi futbolchilar o‘ynaganini yaxshi bilishadi. Shu sababli Husanovning turinliklar safiga o‘tishi hech qanday pasayish emas, aksincha, yana ham o‘sish bo‘lishi mumkin. Chunki Italiya futboli anchadan beri himoyaviy o‘yin namoyish etishi, “Yuventus” esa doim A Seriyaning top jamoalari qatorida bo‘lishi va ular Chempionlar Ligasida muntazam ishtirok etishi — o‘zbekistonlik futbolchi uchun har qachongidan ham “plyus” bo‘lishi mumkin.
Ushbu mish-mishlar fonida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari hamda taniqli sharhlovchi Davron Fayziyev Husanovning oila a’zolari bilan suhbatlashib, uning atrofidagi vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildi. Fayziyevning aytishicha, Husanovning tarkibdan chetda qolishi ortida hech qanday salbiy sabab yo‘q. Aksincha, murabbiy Pep Gvardiola mashg‘ulotlarda unga doimiy e’tibor qaratadi, taktik ko‘rsatmalar beradi va unga hali ham to‘liq ishonch bildiradi. Husanovning jismoniy holati ham yaxshi, hech qanday pasayish kuzatilmagan.
Bosh sabablardan biri — kuchli ichki raqobat. Ketma-ket o‘yinlarda gol va assistlar qayd etgan yosh himoyachi O‘Rayli chap qanotda o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Natijada Gvardiola Yoshko Gvardiolni markazga, Ruben Diasni esa markaziy o‘ng himoyaga o‘tkazdi. Bu taktik o‘zgarishlardan so‘ng jamoa ketma-ket g‘alabalarga erishdi. Shunday paytda, ayniqsa himoya chizig‘ida, murabbiylar odatda o‘zgarish qilmaydi — ayni paytda “Siti”ning har bir ochkosi Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Abduqodirda hali imkon bo‘ladi, ishonch bor. Uning o‘zi ham pozitiv ruhda, faqat o‘z imkonini kutmoqda. Faqat ishonchli manbalarga e’tibor bering, deydi Fayziyev.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Husanov atrofida aylanayotgan mish-mishlar ko‘proq taxminlarga asoslangan. Murabbiy unga ishonmoqda, jismoniy holati joyida, raqobat esa tabiiy jarayon. Unga vaqt berilishi, to‘g‘ri muhit va doimiy o‘yin amaliyoti muhim. Biz muxlislar esa qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz zarur. Chunki u hali oldinda bizni ko‘p bora quvontirishi mumkin. Shu sababli futbolchimizni faqat va faqat qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Chunki unga bildirilgan har qanday ishonch, Husanovga qo‘shimcha kuch berishi tabiiy.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar