
Rossiya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun da’vogarlik qilib kelayotgan Moskvaning SSKA klubi, serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich qo‘l ostida mavsumning eng barqaror jamoasi sifatida ko‘rilayapti. 2025 yilning bahorida «armiyachilar» o‘yin sifati va natijalar bo‘yicha muxlislarni quvontirishda davom etmoqda. Chempionatning ikkinchi qismi boshida Sankt-Peterburgda «Zenit» bilan durangdan keyin, ketma-ket beshta o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa, so‘nggi turda «Krilya Sovetov» bilan yana bir bor durangga imzo chekdi.
Qishki tanaffus paytida jamoa murabbiyi Marko Nikolich jamoaning o‘yin uslubi va sxemasini o‘zgartirdi. Bu o‘zgarishlar SSKA uchun ijobiy natija olib kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi ikki yil davomida jamoaning eng porloq yulduziga aylangan o‘zbekistonlik legioner Abbosbek Fayzullayev uchun yangi qiyinchiliklarni tug‘dirdi.
21 yoshli iqtidorli futbolchi avval qanot hujumchisi bo‘lib o‘ynagan bo‘lsa, endilikda u maydon markazida harakatlanib, hujum va himoya vazifalarini birdek bajarishga majbur bo‘lmoqda. Ko‘plab ekspertlar Abbosbek yangi pozitsiyaga hali to‘liq moslasha olmaganini ta’kidlashmoqda.
Jamoaning sobiq murabbiyi Oleg Fomenko o‘zbek futbolchisi o‘yinining pasayish sabablariga oydinlik kiritdi.
— Abbosbekning o‘yini oldingiga qaraganda zaiflashgani ko‘rinadi. Sabab yangi o‘yin sxemasimi?
— Bu savolga javob topish uchun, eng avvalo Abbosbekning o‘zi bilan gaplashish kerak. Biroq, fikrimcha, bu holat faqat yangi sxemadan kelib chiqmagan.
— Unda, sizcha, masala nimada?
— Bu yerda gap yosh o‘yinchilarga xos bo‘lgan beqarorlikda bo‘lishi mumkin. Abbosbek bu mavsum juda katta bosim va yuklama ostida qoldi. U nafaqat SSKA safida, balki O‘zbekiston milliy va yoshlar terma jamoalari tarkibida ham juda ko‘p o‘yinlarda ishtirok etdi. Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati saralash bahslarida ham to‘p surdi.
Ko‘p sonli safarlar, uzoq muddatli parvozlar, dam olish uchun vaqt yetishmasligi – bularning barchasi yosh o‘yinchiga ta’sir qilishi tabiiy holatdir.
Men Abbosbekning yangi sxemada qiynalishiga ishonmayman, chunki u juda aqlli, intizomli va professional futbolchi. Unga yangi vaziyat va vaznli yuklamalarga moslashish uchun ozgina vaqt kerak xolos.
Abbosbek terma jamoalar bilan safarlarga chiqib, milliy chempionatning ayrim o‘yinlarini ham o‘tkazib yubordi. Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishning o‘zi futbolchi uchun katta ruhiy va jismoniy bosimdir. Hatto kuchli Yevropa klublari ham Chempionlar ligasidagi og‘ir o‘yinlardan keyin milliy chempionatdagi bahslarda qiynalishadi. Endi, o‘ylaymanki, Abbosbek bu bosimdan sekin-asta chiqib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasi va Rossiya Kubogi doirasida 32 ta o‘yinda ishtirok etdi va raqiblar darvozasini 3 marta ishg‘ol qilish bilan birga, jamoadoshlariga 7 ta golli uzatma berdi.
Tez orada Abbosbekning yana o‘zining yuqori saviyasiga qaytishi va Yevropa klublari e’tiborini o‘ziga jalb qilishda davom etishiga ishonamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar