date
views 96

Tebas "Real" prezidenti Peresni keskin tanqid qildi: "U futbol emas, hokimiyat uchun o‘ynayapti"

Tebas "Real" prezidenti Peresni keskin tanqid qildi: "U futbol emas, hokimiyat uchun o‘ynayapti"
Ispaniya LaLigasi rahbari Xaver Tebas so‘nggi voqealardan keyin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida madridliklarning prezidenti Florentino Peresning harakatlarini keskin tanqid qildi. LaLiga rahbari o‘z postida Peresning futbolni emas, o‘zining shaxsiy hokimiyatini kuchaytirishni ko‘zlayotganini aytib o‘tdi.

Xaver Tebas, o‘zining postida shunday yozadi: "Bu yerda gap futbol haqida emas, gap hokimiyat haqida bormoqda. Tebas Peresga yoqmaydi, chunki Xaver uning buyruqlarini bajarishni xohlamaydi. UEFA rahbari Aleksandr Cheferin ham Peresga yoqmaydi, sababi u ham Florentinoning aytganlarini qilmaydi. Rafael Louzan (Ispaniya futbol federatsiyasi prezidenti) Peresning aytganlariga yugurib ketmayotgani uchun unga ham qarshi chiqyapti".

LaLiga rahbarining ta’kidlashicha, Peresning bosimi tufayli hattoki sharhlovchilar ham o‘z ishini mustaqil bajarishga qiynalmoqda. Uning fikricha, madridliklarning prezidenti hakamlik tizimidagi islohotlardan ham norozi, chunki bu islohotlar uning shaxsiy manfaatlariga mos kelmayapti.

"Real Madrid TV" orqali hakamlarga qarshi muntazam va bosimli videolarning e’lon qilinishi hakamlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilgan va ularning ishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb hisoblaydi Tebas.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "Real Madrid" so‘nggi voqealar sababli Ispaniya Kubogining finali oldidan bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan barcha rasmiy tadbirlarni bekor qildi. Jumladan, matbuot anjumani, mashg‘ulotlar va boshqa tadbirlar bekor qilingan. Hatto, "Real"ning finalda ishtirok etmasligi ham mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

Tebas o‘z postida Peresning faoliyatiga yana shunday ta’rif berdi: "U juda nozik xarakterli insonga o‘xshaydi. U norozilik emas, bosim o‘tkazadi. Shikoyat qilmaydi, tahdid qiladi. U bahslashish emas, jazolash bilan shug‘ullanadi. U futbolni yaxshilashni emas, o‘zining shaxsiy futboli yaxshi bo‘lishini xohlaydi. Eng dahshatlisi esa bu emas, balki jamiyatda ko‘pchilikning unga yo‘l ochib berayotgani, uning harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgani va bu ishlarda unga yordam berishidir", deb yozadi LaLiga prezidenti.

Tebasning mazkur bayonoti jamoatchilik va futbol jamoatchiligi orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tebas "Real" prezidenti Peresni keskin tanqid qildi: "U futbol emas, hokimiyat uchun o‘ynayapti"