
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov so‘nggi paytlarda futbol ishqibozlari va ommaviy axborot vositalari orasida ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Xorijiy nashrlar ham o‘zbek futbolchisining Angliya grandidagi holati va kelajagi haqida muntazam yozib boryapti. Ana shunday nashrlardan biri – onefootball.com portali Husanovning vaziyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi. Biz ushbu materialni sizlarga taqdim etamiz.
Yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga o‘tgan Abduqodir Husanov dastlabki kunlardanoq klub bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ishonchini qozondi. U o‘zining yuqori salohiyatini tezda ko‘rsatib, “shaharliklar”ning asosiy tarkibida o‘ynashga munosib ekanini isbotladi. Ammo keyingi uchrashuvlarda yosh himoyachi maydonda ko‘rinmay qoldi. Bu holat turli savollarni keltirib chiqardi.
Nashrning yozishicha, Abduqodirning zaxirada qolib ketishiga asosiy sabab – himoya chizig‘ida paydo bo‘lgan kuchli raqobatdir. Xosep Gvardiola himoya markazida Ruben Diash va Yoshko Gvardioldan iborat juda kuchli juftlikni shakllantirdi. Shuningdek, Niko O'Rayli chap qanot himoyachisi sifatida ishonchli o‘yinlari bilan o‘zbek futbolchisining asosiy tarkibga qaytishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, Husanov o‘z imkoniyatlarini yo‘qotib qo‘ymagan. U yanvar oyidan buyon jami to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushib, tezkorligi, jismoniy kuch-quvvati va himoyalanish mahorati bilan mutaxassislar e’tiborini torta oldi. Shuningdek, Gvardiola tizimida Abduqodirning to‘p bilan muomala qilish ko‘nikmalari sezilarli darajada yaxshilandi. Bu xususiyat, aslida, uning “shaharliklar” tarkibiga olinishida asosiy omillardan biri bo‘lgan edi.
Biroq, ayni paytda Gvardiola mavsum davomidagi muvaffaqiyatlarni ta’minlayotgan formulani o‘zgartirishni istamayotgani sababli, Abduqodir zaxirada qolishga majbur bo‘lib turibdi. Lekin shuni ta’kidlash lozimki, uning jamoadagi kelajagi yorqin ko‘rinadi. Chunki o‘zbek himoyachisi endigina 21 yoshga to‘ldi va uning o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun hali ko‘p imkoniyatlari bor.
Onefootball.com portali ta’kidlashicha, “Manchester Siti” Husanovni unutib qo‘ygani yo‘q. Xosep Gvardiola faqat hozirgi vaziyatda jamoa muammolariga boshqa yechim topdi, xolos. O‘zbekistonlik futbolchi klubning kelasi mavsumida asosiy tarkibga qaytish imkoniyatiga ega va, ehtimol, bu imkoniyat tez orada Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidayoq yuzaga kelishi mumkin.
Abduqodir Husanov o‘z kuchiga ishonishda davom etmoqda. Uni oldinda katta sinovlar va porloq kelajak kutmoqda. Uning davri, shubhasiz, oldinda. Bu borada “Manchester Siti” rahbariyati va bosh murabbiy Xosep Gvardiola ham bir fikrda.
O'zbekiston yangiliklari O‘zbekiston MilliyManchester SitiAbduqodir HusanovFutbol IshqibozlariXosep GvardiolaHimoya Chizig‘i Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar