date
views 4 796

Abduqodir Husanov "Barselona"ga o‘tadimi? Kataloniyaliklar o‘zbek futbolchisi transferini rejalashtirmoqda!

Abduqodir Husanov "Barselona"ga o‘tadimi? Kataloniyaliklar o‘zbek futbolchisi transferini rejalashtirmoqda!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Manchester Siti" klubi himoyachisi Abduqodir Husanov atrofidagi yangiliklar nafaqat mahalliy futbol muxlislari, balki Yevropaning nufuzli nashrlari e’tiborida ham turibdi.

Fevral oyida "shaharliklar"ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Abduqodir Husanov keyingi paytlarda asosiy tarkibdan chetda qolmoqda. 21 yoshli markaziy himoyachi so‘nggi oltita uchrashuvni zaxirada o‘tkazdi. Xosep Gvardiola esa uning o‘rniga boshqa futbolchilarga ishonch bildirmoqda.

Yevropa OAV ma’lumotiga ko‘ra, “Manchester Siti” o‘zbekistonlik futbolchini ijaraga berish niyatida. Eng qiziqarlisi, bu vaziyatdan "Barselona" foydalanib qolmoqchi va Abduqodirni tarkibiga qo‘shib olish ustida ish boshlagan.

Kataloniyaning mashhur sport sayti carpetasfcb.com ham bu mavzuga e’tibor qaratib, quyidagilarni yozdi:

– "Barselona" klubi transfer rejalarini shakllantirmoqda. Klubning sport direktori Deku boshchiligidagi mutasaddilar yosh, iqtidorli va klub uslubiga mos keladigan futbolchilarni topish bilan band. Ana shunday o‘yinchilar orasida Angliya Premer-ligasida harakat qiluvchi bir nom alohida ko‘zga tashlanmoqda.

Yanvarda "Manchester Siti"ga katta umidlar bilan keltirilgan markaziy himoyachi Abduqodir Husanov bugungi kunga kelib o‘zining klubdagi holatidan to‘liq qoniqmayapti. U Xosep Gvardiola jamoasiga moslashish jarayonida qiyinchiliklarga uchramoqda. Shu sababli u klub tarkibidan chetlatilgan va jamoada o‘z o‘rnini yo‘qotgan.

Manchesterliklar esa futbolchining iqtidorini yuzaga chiqarish uchun unga muhitni o‘zgartirish imkoniyatini yaratib berish kerak deb hisoblamoqda. Aynan shu nuqtada "Barselona" rejalari paydo bo‘ldi. Kataloniyaliklar agar "Siti" Husanovdan voz kechsa, uni o‘z saflariga qo‘shib olishga tayyor.

Abduqodir Husanov bu mavsum o‘rtasida Fransiya chempionatidan "Manchester Siti"ga o‘tgan edi. O‘shanda Gvardiola uning transferiga katta e’tibor qaratgan va Umar Marmush, Niko Gonsales, Vitor Reys kabi iqtidorli futbolchilar bilan birgalikda tarkibni kuchaytirgan edi, – deyiladi maqolada.

Shuningdek, boshqa sport manbalari ham "Barselona" klubi o‘zbek futbolchisining transferi bo‘yicha ichki muhokamalarni boshlaganini tasdiqlashmoqda. Klub sport direktori Deku Husanovning Fransiya va Angliyada orttirgan tajribasi, Yevropa musobaqalarida qatnashgani va to‘p nazoratining yuqori darajasi jamoa o‘yin uslubiga ideal darajada mos kelishini ta’kidlamoqda.

Yana bir muhim jihat – "Manchester Siti" Abduqodir transferidan moliyaviy jihatdan foyda olishni ko‘zlamoqda. Bu esa "Barselona" uchun moliyaviy Fair Play talablariga muvofiq kelish imkoniyatini yaratadi. Kataloniyaliklar Husanovni dastlab ijaraga olib, keyinchalik sotib olish huquqini ham qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.

Biroq transfer borasidagi muzokaralar hali boshlang‘ich bosqichda ekanligi, barchasi "Manchester Siti"ning qarori va Abduqodirning istagiga bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda. Aniq bir narsa – "Barselona" ushbu iqtidorli futbolchini qo‘ldan chiqarmaslik uchun astoydil harakat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov "Barselona"ga o‘tadimi? Kataloniyaliklar o‘zbek futbolchisi transferini rejalashtirmoqda!
-->