date
views 103

Xans-Diter Flik: «Biz tavakkalchilikdan qo‘rqmaymiz, asosiysi – natija»

Xans-Diter Flik: «Biz tavakkalchilikdan qo‘rqmaymiz, asosiysi – natija»
Ispaniyaning «Barselona» klubini bu mavsumda La Liganing yetakchi jamoasiga aylantirgan nemis mutaxassisi Xans-Diter Flik jamoasining o‘yin uslubini tanqid qiluvchilarga javob berdi.

Jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Flik «Barselona»ning ko‘p gol o‘tkazayotgani va himoyada tavakkalchilikka yo‘l qo‘yayotgani haqidagi tanqidlarga munosabat bildirdi:

— Haqiqatdan ham ko‘pchilik jamoamizni tavakkalga yo‘l qo‘yishda ayblamoqda. Bu haqda Germaniya ommaviy axborot vositalarida ham xabarlar tarqalayotganini ko‘rib turibman. Lekin boshqa klublarga, ayniqsa, asosiy raqibimiz «Real»ga qaraydigan bo‘lsak, ular ham ancha ko‘p gol o‘tkazib yubormoqda. Biz bilan ular o‘rtasida bu borada juda katta farq yo‘q. Biroq, ularga nisbatan biz ko‘proq to‘p kiritdik. Eng muhimi ham shu emasmi?

Ehtimol, o‘yin uslubimiz haqiqatan ham xavfli va biroz tavakkalchilikka asoslangan bo‘lishi mumkin. Lekin futbolchilarim maydonda namoyish etayotgan ishtiyoq, o‘yinga bo‘lgan yondoshuvlari menga yoqyapti. Jamoamiz o‘yinda yaxshi shakllangan, kuchli va birlashgan holda ekanligini ko‘rsatishimiz juda muhim, — dedi Flik.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda «Barselona» La Liga doirasida o‘tkazilgan 33 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga jami 89 ta to‘p kiritdi. Biroq kataloniyaliklar o‘z darvozasidan ham 32 ta gol o‘tkazib yuborgan.

Bu ko‘rsatkich «Real Madrid» bilan taqqoslaganda, madridliklarda o‘tkazib yuborilgan gollar soni biroz kamroq – 31 ta. Biroq ular kiritgan gollar soni bo‘yicha «Barselona»dan sezilarli darajada ortda qolmoqda – «qaymoqranglilar» hisobida 66 ta to‘p bor, ya’ni «Barsa»dan 23 ta golga kamroq.

Flik boshqaruvidagi «Barselona» ayni vaqtda Ispaniya chempionatida birinchi o‘rinni ishonchli egallab turibdi va asosiy raqibi «Real»dan bir necha ochko oldinda ketmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xans-Diter Flik: «Biz tavakkalchilikdan qo‘rqmaymiz, asosiysi – natija»