
Yevropa futboli hal qiluvchi bosqichga kirdi. Chempionlik, sovrinlar va Yevrokubok yo‘llanmalari uchun kurash avjida. Bu bilan bir qatorda, klublar yozgi transferlar uchun ham jiddiy tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
Aynan shunday paytda Angliya Premer-ligasining so‘nggi yillardagi mutlaq hukmdorlaridan biri — “Manchester Siti” bu yil chempionilikni “Liverpul”ga boy berdi. Ammo klubda tanaffus yo‘q — bosh murabbiy Xosep Gvardiola oldindan yangi mavsum uchun harakatni boshlab bo‘lgan.
Yanvardanoq qayta qurilish boshlangan
Gvardiola qishki transfer oynasining o‘zidayoq kelajak uchun jamoa shakllantirishga kirishdi. Yanvarda “shaharliklar” safini o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov, braziliyalik Vitor Reys, ispaniyalik Niko Gonsales va misrlik Umar Marmush bilan boyitgan. Bu transferlar jamoada jiddiy o‘zgarishlar boshlanganidan darak beradi.
Himoya chizig‘i tayyor, transfer shart emas?
“Siti” safida 2000-yillar boshida to‘p surgan, hozirda futbol tahlilchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Richard Dann jamoa tarkibi haqida sportsmole.co.uk saytiga fikr bildirdi. Unga ko‘ra, klub himoya chizig‘ini qayta qurishga ehtiyoj sezmayapti.
“Yanvarda Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi iqtidorlar keltirildi. Bundan tashqari jamoada Diash, Gvardiol, Akanji, Ake, Stounz bor. Har bir pozitsiyada raqobat kuchli. Jarohatlar bo‘lmasa, markaziy himoyada muammo yo‘q”, – deydi Dann.
Tajriba yoshga qarshi – balans muhim
Uning fikricha, ayni damda jamoada yoshlar bilan birga, ularga tayanch bo‘ladigan tajribali himoyachilar ham saqlab qolinishi kerak.
“Jon Stounz, Manuel Akanji, Natan Ake va boshqalar o‘z faoliyatining eng muhim bosqichida. Husanov va Reys esa o‘sayotgan yulduzlar. Agar klub bu balansni saqlab qolsa, hech qanday muammo bo‘lmaydi. Yoshlar tajribalilardan o‘rganishi shart.”
Dann, shuningdek, Abduqodir Husanov haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:
“U kelganidan buyon ko‘zga tashlanyapti. Kam vaqt bo‘lganiga qaramay, o‘sish bor. Unda iste’dod bor, uni yo‘qotmaslik kerak. Gvardiola undan foydalanadi, deb o‘ylayman.”
Ijaraga ketadimi? Barsa chaqiryaptimi?
Shu bilan birga, so‘nggi vaqtda turli manbalar Xosep Gvardiola Husanovni yozda ijaraga berish masalasini ko‘rib chiqayapti, degan ma’lumotlarni tarqata boshladi.
Hatto ba’zi manbalarga ko‘ra, “Barselona” kabi grand klublar Abduqodir Husanov bilan qiziqish bildirmoqda. Unga Yevropaning bir nechta klublari tomonidan rasman takliflar ham yuborilgani aytilmoqda.
Xulosa o‘rnida...
“Manchester Siti”da himoya satrlari qayta shakllanmoqda. Abduqodir Husanov esa bu jarayonning markazida turibdi. U qoladimi? Ijaraga beriladimi? Yoki “Barsa” kabi klubda yangi bosqich boshlaydimi?
Sizningcha, Abduqodir uchun qaysi variant to‘g‘ri: “Siti”da qolib raqobat qilishmi yoki tajriba orttirish uchun boshqa jamoada o‘ynashmi?
Abduqodir HusanovManchester SitiYevropa FutboliTransfer OynasiYoshlar TajribasiIjara Masalasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar