
Superliganing 8-tur doirasida bo‘lib o‘tgan “Buxoro” – “Mash’al” (1:2) uchrashuvidan so‘ng, mezbonlar jamoasi bosh murabbiyi Ulug‘bek Bakayev matbuot anjumanida ishtirok etib, kecha bo‘lib o‘tgan bahs yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Imkoniyatlar bo‘ldi, faqat ulardan foydalana olmadik”
“Yigitlarga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ularning o‘yinga tayyorgarligi, harakatlari yomon bo‘lmadi. Birinchi bo‘limda 2–3 marta juda xavfli vaziyatlar yaratdik. Ayrim holatlarda raqib darvozaboni jamoasini qutqardi, ba’zi epizodlarda esa futbolchimiz to‘pni to‘g‘ri qabul qila olmadi.
Tanaffusdan keyin gol o‘tkazib yubordik, ammo tezda hisobni tenglashtira oldik. Shuncha imkoniyatdan kamida bittasini ishga solishimiz kerak edi. “Mash’al” esa o‘z vaziyatlaridan unumli foydalandi. G‘alaba bilan tabriklayman.”, - dedi Ulug‘bek Bakayev.
Iste’fo mavzusidagi savolga ochiq javobdan bosh tortdi
Jurnalistlar tomonidan berilgan iste’fo masalasiga oid savolga Bakayev shunday javob qaytardi:
“Bu savol o‘yin bilan bog‘liq emas. Iltimos, bugungi bahs doirasida qolaylik. Rahbariyatning qarori — shaxsiy masala. Men va klub rahbariyati o‘rtasidagi munosabat ochiq va konstruktiv asosda davom etmoqda.”
“Himoyadagi muammolar ruhiy jihatdan kelib chiqmoqda”
So‘nggi o‘yinlarda jamoa ko‘p gol o‘tkazayotgani, himoya chizig‘ida asosan legionerlar harakat qilayotgani haqidagi savolga esa shunday javob qaytardi:
“To‘g‘ri, so‘nggi o‘yinlarda ko‘p gol o‘tkazib yuboryapmiz. Xususan, uchrashuv yakunlash arafasida. Buni men ko‘proq ruhiy tayyorgarlik bilan bog‘layman.
Sportchi mag‘lubiyatlarga uchrab borsa, o‘zini yo‘qotishi mumkin. Bunday vaziyatlarda kamida durang olish, hatto minimal g‘alaba jamoaning kayfiyatini ko‘taradi.”
Yoshlarga ishonch bor, ammo maydonda o‘zini ko‘rsatish shart
Bakayev jamoada Javohir Ro‘ziyev va Ravshan Xayrullayev kabi yoshlarga imkoniyat berilayotganini alohida ta’kidladi:
“Zamonaviy futbolda yosh asosiy omil emas. Futbolchi Superliga darajasiga mos bo‘lsa, uning yoshi 15 yosh bo‘ladimi yo 30 — ahamiyatsiz.
Biz barchaga teng imkoniyat yaratamiz. Ammo imkoniyatdan unumli foydalanish, o‘zini maydonda ko‘rsatish — futbolchining zimmasida. Sifat bo‘lmasa, qancha imkoniyat berilmasin, asosiy tarkibda joy egallab bo‘lmaydi.”
Penalti vaziyati haqida: “O‘zim ko‘rmadim, lekin futbolchi tan oldi”
Belgilangan penalti bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirgan murabbiy vaziyatni shaxsan ko‘rmaganini, ammo futbolchining so‘ziga tayanayotganini bildirdi:
“Men o‘sha epizodni ko‘rmadim. Futbolchidan so‘radim — agar to‘p unga teggan bo‘lsa, bu penalti bo‘lishi mumkin. Aslida, himoyachi jarima maydonida podkat qilmasligi kerak. Ammo shundan so‘ng ham hisobni tenglashtirdik va hatto oldinga chiqish imkoniyatimiz ham bor edi.
Hakam qaror qabul qilgan ekan, demak, uning asoslari bo‘lgan. Men bunga hurmat bilan qarayman.”
Xulosa o‘rnida…
“Buxoro” jamoasi so‘nggi o‘yinlarda natija jihatidan qiynalayotgan bo‘lsa-da, jamoa o‘yini, yoshlarga berilayotgan imkoniyat va murabbiyning so‘zlaridan kelib chiqib, klubda umid barqarorligicha qolmoqda.
Siz nima deb o‘ylaysiz — Bakayev “Buxoro”ni ruhiy va natijaviy inqirozdan olib chiqa oladimi?
Buxoro JamoasiSuperligaUlug‘bek BakayevIstefo MavzusiHimoya MuammolariYosh Futbolchilar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar