
Superliganing 8-tur doirasida bo‘lib o‘tgan va gollarga boy kechgan OKMK – “Andijon” (4:3) uchrashuvidan so‘ng, mezbonlar jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi.
“Futbolchilarga faqat minnatdorchilik bildirishim mumkin”
“Avvalo, o‘z muxlislarimizga tashakkur aytaman. Shuningdek, “Andijon” ishqibozlariga ham rahmat. O‘ziga xos atmosferada o‘tgan, asablarga o‘ynagan to‘qnashuv bo‘ldi.
Shogirdlarimga ham minnatdorligimni bildiraman. Agar bugun mag‘lubiyat qayd etilganida ham ularni tanqid qilish niyatim yo‘q edi.
Futbolda shunday dramatik va kuchli hissiyotlarga boy uchrashuvlar bo‘lib turadi. Birinchi bo‘limda biz yomon o‘ynamadik, to‘p bizda ko‘proq bo‘ldi va G‘iyosov hisobni ochdi.
Bunday vaziyatlarda jamoa ichki birlikni namoyon eta olish kerak. Dilshod Yoqubov atrofida jamoa birlashdi va yanada katta ishtiyoq bilan harakat qildi.
Birinchi golda hayajon ta’siri bor edi. Ikkinchi golni barchamiz ko‘rdik. Uchinchi gol haqida aytsam, men yosh bo‘lganimda “yaqin burchakdan o‘tkazilgan gol — darvozabon xatosi” deb o‘rgatishgan. Lekin shuning o‘ziga qaramasdan, jamoa ruhan kuch topdi va oxirigacha kurashdi. Yigitlar borini berdi. “Andijon” jamoasiga kelgusi o‘yinlarda omad tilayman.”
“1:3 bo‘lgan paytda ham yurakda umid bor edi”
Jurnalistning savoliga javoban, Qosimov jamoa 1:3 hisobida mag‘lub bo‘layotgan chog‘da ham yurakdan ishonganini aytib o‘tdi:
“Futbol shunday sport turiki, unda har qanday holat o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun u dunyodagi eng ommaviy va sevimli o‘yin.
Men uchun eng muhimi — jamoa shijoat bilan oxirigacha kurashsin. Albatta, qalbimda gol urish va kamida durangni ushlab qolish niyati bor edi.
Lekin Yaratgan harakatlarimizga yarasha yuksak mukofotini berdi. Natijaga yarasha harakat qilish muhim. Bugun buni amalga oshira oldik.”
Xulosa o‘rnida…
OKMK o‘z maydonida muxlislarini kuchli emotsiyalarga to‘la o‘yin bilan sevintira oldi. Mirjalol Qosimovning so‘zlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, jamoada nafaqat taktika, balki jonkuyarlik, birlik va ixlos ham yetakchi kuchga aylanmoqda.
Siz nima deb o‘ylaysiz — bu g‘alaba OKMKni yangi ruhda oldinga boshlaydimi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing