date
views 0

Kafu: «Rafinya "Barselona"ning yuragi va bu yil "Oltin to‘p"ga munosib yagona nomzod»

Kafu: «Rafinya "Barselona"ning yuragi va bu yil "Oltin to‘p"ga munosib yagona nomzod»
Braziliya futboli afsonasi va terma jamoa sobiq sardori Kafu hamyurti, "Barselona" klubining yetakchi yulduzi Rafinya haqida yuqori fikrlar bildirib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rafinya bu yil "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritish uchun eng munosib nomzod bo‘lib turibdi va unga raqobat qila oladigan futbolchilar juda oz.

– Rafinya bu mavsumda "Oltin to‘p" uchun asosiy favorit bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Kafu aniq javob qaytardi:

"Haqiqatni aytsam, bugungi kun futbol dunyosida Rafinya bilan munosib tarzda raqobatlasha oladigan futbolchilar juda kam. Balki, faqatgina "Liverpul" yulduzi Muhammad Salohgina unga jiddiy raqib bo‘la olar. Bu ikki futbolchi ayni damda jahon futbolida o‘zining yuqori darajasi bilan ajralib turibdi. Menimcha, aynan ular bu yilgi "Oltin to‘p" uchun asosiy kurashchilar sanalishadi", – dedi u.

Kafuning ta’kidlashicha, bu mavsumda Rafinya nafaqat o‘zining gollari bilan, balki golli uzatmalari bilan ham katta natijalar qayd etib, "Barselona" tarixida yangi rekord o‘rnatgan holda, Leo Messining ko‘rsatkichlarini ortda qoldirdi.

"Hozirgi mavsumda Rafinya barcha turnirlarda 31 ta gol urish bilan birga, yana 25 ta golli pas amalga oshirib, o‘zining fantastik mahorat egasi ekanini yana bir bor isbotladi. U hatto Messining Chempionlar ligasida bir mavsum ichida amalga oshirgan golli harakatlari bo‘yicha rekordini ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Buni esa dunyodagi eng kuchli klublardan biri hisoblangan va tarkibi yulduzlar bilan to‘lgan "Barselona" safida amalga oshirdi. U jamoasining haqiqiy yetakchisiga aylanib, "Barselona"ning yuragini harakatga keltiruvchi motor vazifasini o‘tamoqda", – dedi Kafu.

Kafu, shuningdek, Rafinya "Barselona"da sardorlik bog‘ichini taqqanidan juda mamnunligini yashirib o‘tirmadi.

"Menga Rafinyaning "Barsa" kabi buyuk klubda sardorlik qilgani juda yoqadi. Bu o‘zi katta mas’uliyat va sharafdir. U haqiqiy yetakchiga aylanib ulgurdi va jamoa o‘yinining sur’ati, ritmi va dinamikasini belgilab beruvchi asosiy futbolchi bo‘lib turibdi. Uning bunday katta klubning yetakchisiga aylangani Braziliya futboli uchun ham muhim voqea", – deya ta’rifladi sobiq himoyachi.

Ayni damda futbol jamoatchiligi va ekspertlar orasida ham Rafinyaning bu mavsumgi ajoyib o‘yinlari va natijalari ko‘plab muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Shu sababli, uning "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishi ehtimoli juda yuqori baholanmoqda. Bu mukofotni qo‘lga kiritishi orqali Rafinya o‘z karyerasining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kafu: «Rafinya "Barselona"ning yuragi va bu yil "Oltin to‘p"ga munosib yagona nomzod»