
Kuni kecha “Andijon” jamoasi bosh murabbiyligidan ketgan mutaxassis Aleksandr Xomyakov klub matbuot xizmatiga quyidagilarni ma’lum qildi:
“Andijonga chin ko‘ngilimdan omad va muvaffaqiyat tilab qolaman! Umid qilamanki, Andijonda bundan keyin ham futbol rivojlanishda, klubni esa nafaqat mamlakatda, balki xalqaro arenalarda ham taniy boshlashlari davom etadi.
Hurmatli muxlislar, jamoadagi ishim davomida meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun katta rahmat aytmoqchiman!!! Ayniqsa, O‘zbekiston Kubogi finalida birga boshdan o‘tkazgan his-hayajonlarni umrbod esimdan chiqara olmayman. O‘sha muvaffaqiyat sizlarning ko‘magingiz orqali amalga oshdi, deya hech ikkilanmay aytmoqchiman. Barchangizga rahmat! Sizlar dunyodagi eng zo‘r fanatsizlar!
Shak-shubhasiz, butun murabbiylar shtabi, tibbiy xodimlar, ma’murlar, matbuot xizmati vakillari, U-21 hamda U-19 murabbiylari, akademiya murabbiylari, maydonni parvarishlab kelayotgan xodimlar, oshpazlar, barcha ishchilarga va umuman o‘tgan vaqt mobaynida meni qo‘llab-quvvatlab kelgan hamma insonlarga minnatdorchilik bildirib qolaman. Maydondagi natijalarga hamma birdek daxldor bo‘ldi, deb baralla ayta olaman. Futbolchilarga rahmat.
Ularning har birini qadrlayman va fursatdan foydalangan holda ish jarayonida kimlargadir qattiq tekkan, dilini og‘ritgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Barcha harakatlar maydonda yaxshi natijalarga erishish uchun qaratilgandi. Keyingi o‘yinlarda klubga omad tilab qolaman.
Darhaqiqat, Andijon viloyati rahbariyati, “Uzavtosanoat” AJ direktorlar kengashiga menga bildirilgan ishonchi uchun alohida minnatdorchilik bildirib qolaman. Andijondek klubni boshqarish men uchun haqiqiy sharaf bo‘ldi. Omon bo‘linglar!” - dedi Xomyakov.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Aleksandr Andreyevich, jamoaga 2022 yilning 15 dekabr kuni rasman bosh murabbiy etib tayinlandi va shu kunga qadar chempionat va O‘zbekiston Kubogi bahslarida hammasi bo‘lib 72 ta o‘yinda jamoani boshqardi. Shundan 26 g‘alaba, 21 durang va 25 mag‘lubiyat qayd etildi. Uning boshchiligida to‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich bo‘yicha 95 ta gol urilgan va 85 ta to‘p o‘tkazib yuborilgan.
Xomyakov bosh murabbiyligida “Andijon” klubi o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. 2023 yilda Superligada yilning ramziy jamoasida eng yaxshi murabbiy deya e’tirof etildi.
Andijon JamoasiAleksandr XomyakovFutbol RivojlanishiO‘zbekiston KubogiMurabbiylar ShtabiMuxlislar Rahmati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar