
Hozirda Argentina futbolida yorqin yulduzlar chiqishi yangi hodisa emas. Biroq, 17 yoshli Franko Mastantuono so‘nggi paytlarda jahon futbolida shov-shuvga sabab bo‘lgan eng yorqin va istiqbolli futbolchilardan biri sifatida tilga olinayotir.
Franko Mastantuono "River Pleyt" klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, hujumkor yarim himoyachi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U o‘zining texnikasi, yuqori tezligi va ajoyib futbol aqli bilan nafaqat mahalliy chempionat, balki xalqaro mutaxassislarning ham diqqatini tortmoqda. Ayniqsa, uning o‘yin uslubi Argentina futboli afsonasi Lionel Messiga taqqoslanmoqda, shu bois yosh iqtidor egasini matbuot allaqachon "yangi Messi" deb atab ulgurgan.
Mastantuono ilk bor 16 yoshida professional darajadagi o‘yinda gol kiritib, "River Pleyt" jamoasi tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylangan. Bu voqea uni nafaqat Argentinada, balki butun Lotin Amerikasida ham mashhur qildi. U muntazam ravishda Argentina yoshlar terma jamoasiga jalb qilinib, o‘zining yetukligi, aqlli o‘yini va mukammal harakatlari bilan terma jamoaning yetakchilaridan biriga aylanib ulgurdi.
Dastlab argentinalik vunderkindga Italiyaning yetakchi klublari – "Milan" va "Inter" qiziqish bildirgandi. Ko‘p o‘tmay bu ikki grandga "Barselona" ham qo‘shildi va kataloniyaliklar futbolchi bilan jiddiy shug‘ullanishni boshladi. Biroq, hozir vaziyat yanada keskin tus oldi, chunki kurashga Pep Gvardiola boshchiligidagi "Manchester Siti" ham qo‘shilgan.
Gvardiola va "Siti" rahbariyati Mastantuononi klubning kelajakdagi asosiy loyihasi sifatida ko‘rishmoqda. Xususan, "Siti" argentinalik futbolchini o‘z vaqtida klubga olib kelgan hamyurti Xulian Alvares bilan solishtirib, uning klubda shu tarzda rivojlanishiga ishonch bildirmoqda. "El Nacional" nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, "Manchester Siti" iste’dodli futbolchiga foydali shartnoma hamda dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri boshchiligida rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni taqdim etishga tayyorligini bildirgan.
"Barselona" uchun vaziyat esa ancha murakkab. Kataloniya klubining moliyaviy cheklovlari tufayli transfer xarajatlarini amalga oshirishi juda qiyin kechadi. "River Pleyt" o‘z tarbiyalanuvchisini 40 million yevro atrofida baholamoqda. Bu raqam ayni paytda kataloniyaliklar uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Agar klub yaqin vaqt ichida o‘zining bir yoki bir necha yetakchi futbolchisini sotmasa yoki qo‘shimcha moliyaviy manbalar jalb etmasa, Mastantuono transferini amalga oshirish qiyin bo‘lib qolishi mumkin.
Bu borada esa raqobat tobora oshib bormoqda. "Manchester Siti" bilan bir qatorda Parijning PSJ klubi ham argentinalik vunderkindni o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan. Bu esa "Barselona" uchun jiddiy raqobat muhitini yaratmoqda va kataloniyaliklarning futbolchidan mahrum bo‘lib qolish ehtimolini kuchaytirmoqda.
Qaysi jamoaga o‘tishiga qaramasdan, bir narsa aniqki, Franko Mastantuono yaqin kelajakda dunyoning eng mashhur klublaridan birida o‘z mahoratlarini namoyish etadigan futbolchiga aylanadi. Uning qaysi klubni tanlashi esa yozgi transferlar oynasida aniq bo‘ladigan eng qiziqarli masalalardan biriga aylangan.
Franko MastantuonoRiver PleytYangi MessiManchester SitiBarselonaArgentina Futboli O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar