date
views 259

O‘zbekiston og‘ir atletikachilari Jahon chempionatidan 17 ta medal bilan qaytmoqda

O‘zbekiston og‘ir atletikachilari Jahon chempionatidan 17 ta medal bilan qaytmoqda
Peruning poytaxti Lima shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi nufuzli Jahon chempionati yakunlandi. Ushbu xalqaro musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari munosib natijalar qayd etib, medallar jamg‘arish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi.

Musobaqaning yakuniy kunida maydonga tushgan hamyurtimiz Qudratbek Salimjonov yoshlar o‘rtasida -109 kg vazn toifasida kuch sinashib, dast ko‘tarish mashqida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy Olimpiya Qo‘mitasi matbuot xizmati rasmiy xabar bermoqda.

Qudratbek Salimjonovning medali jamoamiz uchun ushbu chempionatdagi 17-medal bo‘ldi. Umumiy hisobda sportchilarimiz musobaqani 3 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan yakunladi.

O‘zbekiston terma jamoasi vakillarining individual natijalariga keladigan bo‘lsak, musobaqaning eng yorqin ishtirokchilaridan biri Mohinur Esonboyeva bo‘ldi. U ikki oltin va bir bronza medali bilan jamoamizning umumiy natijasiga katta hissa qo‘shdi. Alisher Osmanov esa 1 ta oltin va 2 ta kumush medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi.

Shuningdek, Marjona Abdumutalova ham musobaqani yuqori saviyada o‘tkazib, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Munisbek Davletov esa ikki marta kumush medalga ega bo‘lib, o‘zining yuqori mahorat va iste’dodini namoyish etdi.

Diyorbek Ro‘zmetov chempionat davomida bitta kumush va ikkita bronza medali bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, Xikmatillo Xaydarov, Dilnura Xoldorova va yuqorida tilga olingan Qudratbek Salimjonov bir martalik bronza medallarini o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Umuman olganda, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki yuqori saviyada bo‘ldi va sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar soni terma jamoamizda yosh avlodning iqtidori qanchalik yuqori ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Endi sportchilarimiz kelgusi musobaqalarda ham shu kabi yuqori natijalarni qayd etish maqsadida tayyorgarliklarni davom ettiradi va yanada ko‘p medallar bilan muxlislarni xursand qilishga harakat qiladi. Ularning navbatdagi maqsadi kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ham jahon arenasida kuchli raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatib, yurtimiz sharafini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishdan iborat.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston og‘ir atletikachilari Jahon chempionatidan 17 ta medal bilan qaytmoqda