
Qozog‘iston Premer-ligasi joriy mavsumda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining diqqat markazida bo‘lib turibdi. Buning asosiy sababi — “Turon” klubi tarkibidagi to‘rt nafar o‘zbek legioneri. Shahboz Umarov, Behruz Asqarov, Xurshid Muxtorov va Odiljon Abdumajitov “Turon”ning asosiy tarkibidan o‘rin olgan va har biri o‘z o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilishmoqda.
Ulardan tashqari, jamoada yana bir iste’dodli futbolchi borki, u ham o‘zbek futboliga begona emas — gap Qozog‘istonning eng yorqin iqtidorlaridan biri, o‘z vaqtida “Andijon” safida to‘p tepgan Abinur Nurimbet haqida bormoqda.
Jurnalistlar bilan suhbatda Abinur o‘zining Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi tajribalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Belarus futbolida kattalar darajasida debyut qildim. U yerda mahalliy murabbiylar menga katta ishonch bildirishdi. Bu men uchun juda muhim bo‘lgan. Birinchi marta asosiy tarkibda muntazam o‘ynash va o‘z salohiyatimni namoyon etish imkonini o‘sha yerda oldim,” — deydi futbolchi.
O‘zbekiston chempionati haqida fikr bildirgan Nurimbet, texnika jihatidan o‘zbek futbolchilarining ustunligini alohida qayd etdi:
“O‘zbek futbolida futbolchilar texnik jihatdan juda kuchli. Ular yuqori tezlikda ham o‘z mahoratini ko‘rsata oladi. Bu jihatdan o‘zbek chempionati meni o‘stirdi. Ammo Qozog‘iston chempionatida jismoniy kurashlar ko‘proq va harakat tempi baland. Bu yerda ham o‘zimni ko‘rsatish uchun harakat qilyapman.”
Abinur joriy mavsumdagi maqsadlari haqida ham gapirdi:
“Shaxsiy maqsadim — yoshlar terma jamoasidan joy olish, keyin esa Qozog‘iston milliy termasigacha yetib borish. Klub miqyosida esa “Turon”ning bu yilgi sensatsiyaga aylanishini juda xohlayman.”
Aytish joizki, Abinur Nurimbet “Taraz” klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, Belarusda “Energetik-BGU” va “Gomel” jamoalarida to‘p tepgan. 2023 yilning o‘rtalarida “Andijon” bilan shartnoma imzolagan va qisqa vaqtda o‘zbek muxlislarining e’tiborini qozongan.
Uning universalligi ham e’tiborga loyiq — u hujumkor yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, zarurat tug‘ilganda chap qanotda ham, markaziy hujumchi sifatida ham faoliyat yuritishi mumkin.
Qisqasi, Abinur Nurimbet “Turon” safida o‘z o‘yinini topgan va kelajakda Qozog‘iston terma jamoasi safida ham ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan yosh iqtidor egasidir. Uning katta futbolga yo‘li endi boshlanmoqda — va bu yo‘lda u nafaqat mahalliy muxlislarni, balki o‘zbekistonlik ishqibozlarni ham o‘z harakatlari bilan xursand etishi shubhasiz.
Qozog‘iston Premer-ligasiO‘zbekiston futboliAbinur NurimbetTuron klubiO‘zbekiston chempionatiYoshlar terma jamoasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar