
Superliganing 9-turida "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘yindan keyin OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
O‘yin haqida
- Asabiy o‘yin bo‘ldi. Oldin ham aytganman, vodiyda, shu jumladan, Qo‘qonda futbol o‘ynash oson emas. Raqib birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin namoyish qildi va hisobda oldinga chiqib oldi. Lekin shunga qaramasdan yigitlarim irodali g‘alabaga erishdi. Buning uchun futbolchilarimga minnatdorligimni bildiraman. Qo‘qonda "Qo‘qon-1912"ga qarshi o‘ynash doimo qiyin kechgan. G‘alabadan xursandman.
- OKMK so‘nggi paytlarda irodali g‘alabalar qayd etmoqda. Zahiradan tushayotgan futbolchilar o‘yinni kuchaytiryaptimi yoki boshqa siri bormi?
- Yo‘q, buning siri yo‘q. Maydonga tushayotgan futbolchilarimning maqsadi bitta - chiroyli o‘yin ko‘rsatish, muxlislar uchun o‘ynash. Shogirdlarimning har biri o‘yinga o‘z hissasini qo‘shishni istashadi.
- Nima deb o‘ylaysiz futbol hakamligi saviyasini oshirish uchun futbolchilik faoliyatini yakunlagan futbolchilardan hakam tayyorlaydigan kurs ochish kerak emasmikin? Nikita Mustafin, Rustam Lutfullin, Asker Najafaliyev kabi hakamlar oldin futbol o‘ynamagan. Futbol o‘ynaganlar esa qanday qarorlar chiqarish kerakligini biladi. Shu taklifga qanday qaraysiz?
- Savol uchun rahmat. Menimcha O‘zbekistonda futbol o‘ynamagan erkak kishi bo‘lmasa kerak. Hamma futbol o‘ynagan, lekin ayrim sabablarga ko‘ra futbolni jarohat yoki boshqa sabab bilan davom ettira olmagan. Ular futbol maktablariga borgan bo‘lishi mumkin. Hozir eshitishimga qaraganda hakamlar akademiyasi ochilgan, bu borada ham oldinga qadam tashlangan. Bu kelajakda o‘z samarasini beradi va yaxshi hakamlar chiqadi. Aynan qaysi sabab bilan bu savolni berganingizni tushunmadim. Hakam o‘yin davomida tizginni qo‘lidan chiqarib yuborishi kerak emas.
Ular uchun alohida rahbarlar, hakamlarni nazorat qiladigan qo‘mita, ularga ham o‘rgatadigan ustozlari bor. Ular ham issiq jon, bu hayotda Parvardigordan boshqa hamma xato qiladi. Faqatgina ishlamagan odam xato qilmaydi. Shu sababli men hakamlarga, hatto raqib futbolchilariga ham baho bera olmayman, o‘z jamoamdagi futbolchilarni baholashim mumkin. Futbolchilar va hakamlar qanchalik ko‘p chiqsa, biz faqatgina xursand bo‘lamiz. Xalqaro maydonlarda ular hakamlik qilishsa, bayrog‘imiz yuqoriga ko‘tariladi, ularga muxlislik qilib biz ham o‘yinlarni tomosha qilamiz.
- "Qo‘qon-1912" goli vaqtida darvozabon to‘pga chiqishda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Bu holatga fikringiz qanday?
- Darvozabonlar ham shunday o‘yinlar orqali toblanib boradi. Hozir aytganimdek, har bir inson xato qiladi. Bungacha ham u xatolar qilgan. Bir-ikki vaziyatda u himoyachilar oldiga chiqishi kerak edi. Bunday holat yana bir marta sodir bo‘ldi. Bu narsa unga signal bo‘lishi kerak edi. Barcha futbolchilar shunday o‘yinlardagi xatolarini hulosa qilishi orqali, keyingi bahslarda bartaraf etishga harakat qiladi.
SuperligaMirjalol QosimovQo‘qon-1912O‘zbekiston futboliHakamlar akademiyasiFutbol o‘yini O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar