
Superliganing 9-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Bunyodkor" (2:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
- Bugun g‘alabaga haqli edik deb o‘ylayman. 1:0 hisobini 2:0 ga, 2:1ni esa 3:1 ga o‘zgartirishimiz mumkin edi. Vaziyatlarimiz yetarlicha bo‘ldi.
- O‘yin yakuniga oz vaqt qolganida himoyani mustahkam ushlash mumkinmidi?
- Raqib standart vaziyatdan gol urib ketdi. Har bir vaziyatga e’tiborli bo‘lish lozim. Yigitlar to‘g‘ri o‘yin ko‘rsatishdi, faqat bitta o‘sha vaziyatdagi e’tiborsizlik golga olib keldi.
- Ikkinchi bo‘limlar "Nasaf"da o‘xshamayapti. Natija bo‘yicha jamoa yutqazyapti. Bu haqida nima deysiz?
- Jismoniy va ruhiy tayyorgarlik bugungi o‘yinga yaxshiroq edi. Boya aytganimdek, biz 1:0 hisobini 2:0 ga o‘zgartirganimizda boshqacha natija bo‘lardi. Himoyada e’tiborli bo‘lib turgandik, biroq standart vaziyat golga olib keldi.
- "Nasaf" jamoasida ketma-ket ikkinchi durang natija qayd etildi. O‘tgan o‘yinda ham jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi. Ikkinchi bo‘limlarda futbolchilarga aniqlik yetishmayotgan bo‘lishi mumkinmi?
- "Xorazm" bilan uchrashuvdan so‘ng aytgandim, biz ochko yo‘qotishga haqli edik, o‘yinimiz o‘xshamagandi. Bugun hujumdagi vaziyatlarimiz ko‘proq edi. Bu savolga bundan oldin javob berdim. Savolni chuqurroq o‘ylab keyin berish kerak.
- Akmal Mozgovoy, Xusayn Norchayev, Stefan Cholovichlar asosiy tarkibda o‘ynab kelishayotgandi. Bugun ular 60-daqiqadan keyin o‘yinga qo‘shilishdi. Bu o‘yinga tanlangan taktika bilan bog‘liqmi?
- Cholovich o‘tgan o‘yinda ham qatnashmadi, jarohati bor. Mozgovoyda kecha ozroq isitma bor edi. Shu bois uni zaxirada ushlashga majbur bo‘ldik. Norchayev ham yengil jarohatini tiklayotgandi. Shu bois uni ham zaxiradan maydonga tushirdik.
- Ketma-ket ochko yo‘qotishlar jamoaga bosim yuklamaydimi?
- Hech qanday bosimni his qilmaymiz. Keyingi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Mavsumning ko‘p qismi hali oldinda. Shunaqa bosqichlar ham bo‘ladi, shundan yaxshi o‘tishimiz kerak. Har qanday jamoa ham uzluksiz yaxshi natija qayd etishi qiyin. Bugun vaziyatlardan unumli foydalanimiz kerak edi, birga-bir chiqib borib ham gol ura olmadik. Yigitlar g‘alabani juda xohlashdi.
- "Nasaf" chempionlikka erishganida natija uchun o‘ynagan o‘yinlar ham bo‘lgan. Agar sizda chiroyli o‘yin yoki natija keltiradigan o‘yin tanlovi bo‘lsa, qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?
- Albatta natija muhim. O‘tgan mavsumda chiroyli o‘ynab, natija qilmaganimizda yakunda chempionlik qo‘lga kiritilmagan bo‘lardi. Futbolda birinchi navbatda natija kerak. "Inter" yoki PSJ yarim finallarda "Barselona" va "Arsenal"dan yaxshiroq o‘ynadi deb ayta olmayman, biroq ikkisi hozir finalda. Natija muhimroq, albatta natijani esdan chiqarmagan holda sifatli futbol o‘ynashga harakat qilamiz. Hozir "Nasaf" shu darajaga yetdi-ki, durang ham ranjityapti. Shu darajamizni ushlashimiz kerak.
Ro‘ziqul BerdiyevNasaf BunyodkorSuperliga O‘yiniO‘yin NatijalariJamoa TayyorligiFutbol Taktiqlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar