date
views 589

Flik: «Yuragimni tekshirtirishim kerak! Himoyamizdagi xatolar meni xavotirga solmoqda»

Flik: «Yuragimni tekshirtirishim kerak! Himoyamizdagi xatolar meni xavotirga solmoqda»
Ispaniya chempionatining 35-turida "Barselona" jamoasi o‘zining prinsipial raqibi – "Real Madrid" ustidan dramatik va tarixiy g‘alabaga erishdi. Kataloniyaliklar 0:2 hisobida ortda qolayotgan holda, ajoyib kambekni amalga oshirib, raqibini 4:3 hisobida taslim qildi.

O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida "Barselona" bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoasining irodali g‘alabasiga yuqori baho berib, muxlislarga va futbolchilarga minnatdorchilik bildirdi:

«Bugungi g‘alaba – muxlislarimiz va futbolchilarimiz uchun haqiqiy sovg‘a. Bu shunchaki fantastik natija. "Real" juda yuqori saviyadagi jamoa ekani hech kimga sir emas. Milandagi Chempionlar ligasi yarimfinalida 120 daqiqalik og‘ir o‘yindan keyin bunday qaytishni amalga oshirish oson bo‘lmadi. Ammo futbolchilarim ruhiy va jismoniy jihatdan o‘z kuchini namoyish etib, bu ishning uddasidan chiqdi. Rostini aytsam, bunday keskin va asabiy bellashuvlardan keyin o‘zimning ham yuragimni tekshirtirishim kerak bo‘lib qoldi», – deb hazilomuz fikr bildirdi Flik.

Biroq germaniyalik murabbiy g‘alabadan keyin ham jamoasining o‘yinidagi kamchiliklarni yashirib o‘tirmadi. U ayniqsa, jamoaning himoya chizig‘idagi xatolarga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini alohida ta’kidladi:

«G‘alaba erishdik, ammo bu o‘yin himoya chizig‘imizda hali ancha ish qilishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi. Pressing va hujumkor harakatlarda deyarli muammo yo‘q, ammo birinchi golni o‘tkazib yuborgan vaziyatimiz kabi xatolar takrorlanaversa, bizga kelgusida katta muammolar tug‘dirishi mumkin. Bunday xatolarga yo‘l qo‘yishimiz raqiblarimizga katta ustunlik beradi. Shuning uchun jamoaviy o‘yinni yanada yaxshilashimiz lozim», – deya ta’kidladi kataloniyaliklar ustozi.

Murabbiy shuningdek, uch kunda bir bo‘layotgan uchrashuvlar tufayli mashg‘ulotlarda barcha kamchiliklarni mukammal ishlash imkoniyati bo‘lmayotganiga ham urg‘u berdi:

«Biz jismoniy jihatdan va taktik jihatdan o‘sishni maqsad qilganmiz. Ammo hozirda uch kunda bitta o‘yin o‘tkazayapmiz va bu mashg‘ulotlarda ko‘p narsani bajarishimizga imkon bermayapti. Lekin bu – biz uchun bahona emas. Yozgi tayyorgarlikni rejalashtirayotganimizda aynan ana shu kamchiliklarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratamiz», – dedi Flik.

Ayni damda La Ligada mavsumning yakunlanishiga 3 tur qolganda "Barselona" 82 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan "Real" esa kataloniyaliklardan 7 ochko ortda qolmoqda. Agar "Barsa" keyingi turda ham g‘alaba qozonsa, muddatidan oldin chempionlikni o‘z nomiga rasmiylashtiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Flik: «Yuragimni tekshirtirishim kerak! Himoyamizdagi xatolar meni xavotirga solmoqda»