
Madridning «Real» klubini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ispaniyalik murabbiy Xabi Alonso jamoa tarkibini qayta shakllantirish bo‘yicha rejalarini boshlab yubordi. U o‘zining o‘yin uslubiga mos keladigan futbolchilarni tanlashga kirishdi. Bu haqda COPE nashri ma’lum qildi.
Xabi Alonso birinchi navbatda hujum chizig‘idagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun ma’lum bir talablarni belgilab qo‘ygan. Mutaxassisning fikricha, jamoaga sobiq «Real» hujumchisi Xoseluga o‘xshash, bo‘yi baland va jismoniy jihatdan kuchli forvard zarur. Bunday futbolchi havoda samarali o‘ynab, yuqori to‘plar uchun kurashlarda g‘olib chiqishi va muntazam ravishda gol urishi talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 35 yoshli ispaniyalik hujumchi Xoselu 2023-2024 yillar davomida «Qirollik klubi» sharafini himoya qilgan va jami 51 ta rasmiy uchrashuvda 19 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Hozirda tajribali futbolchi o‘z faoliyatini Qatar chempionatida davom ettirmoqda.
Bundan tashqari, Xabi Alonso klub rahbariyatidan madridliklarning sobiq tarbiyalanuvchisi Niko Pasni ortga qaytarishni ham so‘ragan. Yosh yarim himoyachi bir yil muqaddam Italiyaning «Komo» klubiga 6 million yevroga transfer qilingan edi.
Niko Pas Italiya A Seriyasidagi debyut mavsumida o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatdi. U 33 o‘yinda 6 ta gol urdi va jamoadoshlariga 9 marta golli pas uzatishga erishdi. Uning samarali va barqaror o‘yinlari natijasida yosh futbolchi A Seriyaning eng katta kashfiyotlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Xabi Alonso klubning kelajagini qurishda mahalliy tarbiyalanuvchilar va tajribali hujumchilarning qo‘shilishini muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Xabi Alonso jamoada o‘z o‘yin uslubini muvaffaqiyatli shakllantirib, madridliklarni yangi sovrinlarga yetaklashi mumkin.
Yaqin vaqt ichida klub rahbariyati ushbu transferlar masalasida aniq qaror qabul qilishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar