date
views 130

Osiyo chempionatida Akbar Jo‘rayev chempionlikka erishdi, O‘zbekiston medallar jamg‘armoqda

Osiyo chempionatida Akbar Jo‘rayev chempionlikka erishdi, O‘zbekiston medallar jamg‘armoqda
Xitoyda o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun g‘alabalar bilan davom etmoqda. Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi -109 kg vazn toifasidagi bahslari ayniqsa o‘zbekistonlik sportchilarning yuqori saviyali chiqishlari bilan esda qoladigan bo‘ldi.

Taniqli sportchi, Olimpiada o‘yinlari chempioni va sovrindori Akbar Jo‘rayev yana bir bor o‘zining yuqori mahoratini namoyish qilib, musobaqada barcha raqiblarini ortda qoldirdi. U dast ko‘tarishda 183 kilogramm, siltab ko‘tarishda 223 kilogrammni bo‘ysundirib, ikkikurashda umumiy 406 kilogramm natija qayd etdi. Bunday yuqori ko‘rsatkichlar Akbarga har uch yo‘nalishda ham g‘olib bo‘lish va uchta oltin medalga ega chiqish imkonini berdi.

Shu bilan birga, bu vazn toifasida yana bir iste’dodli o‘zbekistonlik sportchi Sharofiddin Amriddinov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U dast ko‘tarishda 181 kilogramm, siltab ko‘tarishda 214 kilogramm va ikkikurashda 395 kilogramm natija qayd etib, Akbardan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi va o‘z hisobini uchta kumush medal bilan boyitdi.

Akbar Jo‘rayev va Sharofiddin Amriddinovning bu muvaffaqiyatlari O‘zbekiston terma jamoasiga umumjamoa hisobida ham foyda keltirdi. Hozirda terma jamoamiz 3 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medal bilan jami 11 medalga ega bo‘lib, umumjamoa hisobida sharafli uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Turnirda o‘zbekistonlik og‘ir atletchilarning ko‘rsatayotgan bunday yuqori natijalari sport muxlislarini ham mamnun etmoqda. Zamin.uz tahririyati hamyurtimiz bo‘lgan sportchilarimizning muvaffaqiyatlari davomli bo‘lishiga va mamlakatimiz sport sharafini xalqaro maydonlarda yanada yuqori ko‘tarishlariga ishonadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionatida Akbar Jo‘rayev chempionlikka erishdi, O‘zbekiston medallar jamg‘armoqda