
Futbol olamida dunyodagi eng muvaffaqiyatli va e’tirof etilgan murabbiylardan biri sanaladigan 65 yoshli Karlo Anchelotti yaqinda Braziliya terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida rasman ish boshladi. Uning ushbu qarorini ko‘pchilik hayrat bilan qabul qildi. Nega u tug‘ilib o‘sgan Vatanini emas, balki Janubiy Amerika gigantini tanladi?
Bu haqda o‘ziga xos tushuntirish bergan Anchelottining so‘zlari juda aniq va haqqoniy:
— Italiyada hozir murabbiy bor va ular menga ehtiyoj sezishmadi. Meni bu lavozimga hech qachon taklif qilishmadi. Braziliya esa menga qiziqish bildirdi. Men bu yurtda ekanimdan faxrlanaman. Chunki Braziliya — tarixdagi eng muvaffaqiyatli terma jamoa. Besh marta Jahon chempionatida g‘alaba qozongan va men oltinchi titul uchun ularga yordam berishni istayman, — dedi Anchelotti.
Karlo Anchelottining Braziliyani tanlashi faqat futboliy emas, balki shaxsiy ehtiros va yangi chorlovlarni qabul qilish istagi bilan bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, bunday ulkan tarixga ega jamoa bilan ishlash har bir murabbiy uchun orzu hisoblanadi.
Shuningdek, Italiyaning hozirgi holati va Anchelottiga hech qachon rasmiy taklif bo‘lmagani uni boshqa variantlarga qarashga majbur qilgan. Natijada, uning tanlovi Braziliya bo‘ldi — va buni u faxr va ishonch bilan qabul qilgan.
Anchelotti endi “selesao”ni 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorlashni boshladi. Uning maqsadi oddiy: Braziliya bilan futbol tarixiga yana bir bor yozib qo‘yiladigan titulni qo‘lga kiritish. Murabbiy sifatida Yevropa qit’asida deyarli barcha klub sovrinlarini yutgan Anchelotti endi dunyo miqyosidagi eng nufuzli sovrin — JCH kubogini qo‘lga kiritishni orzu qilmoqda.
Vaqt ko‘rsatadi, ammo bir narsa aniq — Karlo Anchelotti Braziliyada ham kutilgan darajadagi ta’sirni o‘tkazishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar