
Legendar yarim himoyachi Luka Modrich faoliyatidagi navbatdagi bosqichga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U nafaqat “Real Madrid” bilan xayrlashmoqda, balki yangi jamoasini ham aniqlaganga o‘xshaydi.
Jahon futbolida o‘ziga xos o‘rin egallagan va madridliklar safida ko‘plab sovrinlar yutgan xorvat yulduzi Luka Modrich faoliyatini nihoyasiga yetkazish arafasida turibdi. Ammo ko‘pchilik kutganidek, u AQSH MLS yoki Saudiya Arabistoni klublariga yo‘l olmaydi. U yana Yevropa futbolida qolishga qaror qildi.
Maqsad – tajribasini yoshlarga yetkazish va yuqori saviyadagi o‘yinni davom ettirish
Ishonchli manbalar, xususan, ispan nashri Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, Modrich yangi mavsumdan boshlab Shotlandiya chempionatida to‘p suradigan “Reyndjers” klubi bilan kelishuvga kelgan. Bu qaror futbolchi uchun yangi sahifa bo‘lishi barobarida, klub uchun ham tarixiy transferga aylanishi kutilmoqda.
“Reyndjers” joriy mavsumda Shotlandiya Premer-ligasida “Seltik”dan keyin 2-o‘rinni egalladi. Klub rahbariyati esa kelgusi mavsumda chempionlikka da’vogar bo‘lish uchun jamoaga kuchli yetakchilarni jalb qilish rejasini amalga oshirayotgandi va Modrich kabi figura aynan shunday maqsadlar uchun mos keladi.
Murabbiylar shtabida ham “madridlik ruh” bo‘ladi
Qiziqarlisi shundaki, “Real”da Karlo Anchelottiga yordamchi sifatida faoliyat yuritgan uning o‘g‘li David Anchelotti ham “Reyndjers” bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda. Shu orqali shotlandiyaliklar nafaqat kuchli futbolchi, balki “Real”ning taktik tajribasini ham o‘z jamoasiga olib kirmoqda.
Modrich "Real"ni qachon tark etadi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Luka Modrich klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlangach, "Real" bilan xayrlashadi. Bu uning madridliklar safidagi 12 yillik sardorona va namunaviy faoliyatiga rasmiy nuqta qo‘yadi.
Ushbu davr mobaynida u 5 marotaba Chempionlar Ligasini, bir necha marta La Liga va Superkuboklarni, shuningdek, "Oltin to‘p" mukofotini ham qo‘lga kiritdi. Endi esa u o‘z tajribasini yangi jamoaga o‘tkazish va yoshlarga o‘rnak bo‘lish yo‘lida harakat qiladi.
Luka Modrichning “Reyndjers”ga o‘tishi Yevropadagi eng ko‘p muhokama qilingan transferlardan biriga aylanishi kutilmoqda. 38 yoshda bo‘lishiga qaramay, u hali ham yuqori darajada o‘ynashga, jamoa yetakchisi bo‘lishga va yangi sport ruhi ulashishga tayyor. Shubha yo‘qki, bu qaror Modrichning katta karyerasini yana bir bor yorqinlashtiradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar