
Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»ga transferi nafaqat O‘zbekiston futbolida, balki qo‘shni mamlakatlar va butun MDH hududida ham katta shov-shuv keltirib chiqardi. O‘zbekistonlik futbolchi Fransiyaning «Lans» klubidan Xosep Gvardiola boshqaruvidagi mashhur «shaharliklar» safiga qo‘shilishi ortidan, o‘zbek futboli yangi darajaga chiqqani aytila boshladi.
Husanovning «Manchester Siti»ga o‘tishi avval boshda ko‘pchilik uchun kutilmagan yangilik bo‘lgan edi. Ammo futbolchimiz qisqa vaqt ichida Premer-liganing murakkabligi va jismoniy yuklamasiga moslasha oldi va hatto fevral oyida jamoaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Biroq keyinchalik uning kam maydonga tushishi muxlislar orasida ko‘plab savollarni paydo qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Husanovning keyingi vaqtlarda maydonga tushirilmasligi uning professional darajasi bilan bog‘liq emas, balki klubning «Lans»ga qo‘shimcha bonus to‘lashni istamaganligi bilan izohlanmoqda.
Rossiyadagi ommabop sport nashri sport24.ru ushbu holatdan foydalanib, SSKA klubida faoliyat olib borayotgan yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayev bilan intervyu o‘tkazdi. Nashr vakillari rossiyalik futbolchilardan kimning Abduqodir Husanovning ortidan «Manchester Siti» kabi Yevropa grandlariga ko‘chib o‘tishi mumkinligini so‘rashdi.
Abbosbek Fayzullayev ushbu savolga javoban darhol Matvey Kislyak nomini atadi. «Menimcha, Matvey Yevropa klublarida o‘ynay oladigan juda yuqori saviyali futbolchi. U mavsumning ikkinchi qismini juda kuchli o‘tkazdi. Kislyak har qanday Yevropa klubiga o‘tish uchun zarur bo‘lgan barcha fazilatlarga ega. Uni Yevropaning kuchli klublaridan birida ko‘rishni juda xohlayman», — deya ta’kidladi o‘zbekistonlik hujumkor yarim himoyachi.
Haqiqatan ham, 19 yoshli Matvey Kislyak SSKAning eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi. Markaziy yarim himoyachi pozitsiyasida harakat qiladigan Kislyak joriy mavsum Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi bahslarida jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Abbosbek Fayzullayevning o‘zi ham SSKA safida ajoyib mavsumni o‘tkazmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2023 yil avgust oyida «Paxtakor»dan Moskva klubiga ko‘chib o‘tgan Fayzullayev bugungacha rossiyaliklar tarkibida barcha musobaqalarda 70 ta uchrashuvda ishtirok etgan va o‘z hisobiga 8 ta gol va 22 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Ayni vaqtda SSKA Rossiya Premer-ligasini uchinchi o‘rinda yakunladi va mavsumning eng muhim o‘yiniga — Rossiya kubogi Superfinaliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. «Armiyachilar»ning ushbu finaldagi raqibi «Rostov» klubi bo‘ladi. Agar bu bellashuvda moskvaliklar g‘alaba qozonsa, Abbosbek Fayzullayev SSKA bilan o‘zining ilk nufuzli sovrinini qo‘lga kiritadi.
Ushbu uchrashuvdan keyin 21 yoshli futbolchimiz Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l olib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘radi.
O‘z navbatida, Abduqodir Husanov ochib bergan Yevropa futboli eshiklari orqali yana qancha iste’dodli futbolchilar o‘ta oladi, degan savol muxlislarning diqqat markazida qolmoqda. Bu transfer o‘zbek futbolining Yevropa yo‘nalishidagi yangi tarixini boshlab berishi mumkinligi haqida tahlilchilar tomonidan ko‘plab taxminlar bildirilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar