date
views 2 089

BAA – O‘zbekiston: BAA futboli eksperti bilan eksklyuziv tahliliy suhbat

BAA – O‘zbekiston: BAA futboli eksperti bilan eksklyuziv tahliliy suhbat
Bugungi kechada O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAga qarshi Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi bellashuvini o‘tkazadi. Mazkur o‘yin oldidan amirlik taniqli sport jurnalisti Jon Makley bilan suhbatlashib, raqibning hozirgi ahvoli va imkoniyatlari haqida gaplashdik.

– Jon, yana bir marta siz bilan uchrashib turganimizdan juda xursandman.
– Salom, do‘stim! Seni Dubayda ko‘rib turganimdan men ham xursandman.

– Futbolga o‘tsak. BAA terma jamoasining hozirgi ahvolini qanday baholaysiz? Yaqinda bo‘lgan murabbiy o‘zgarishi qay darajada ta’sir ko‘rsatdi?
– Jamoa mart oyidan beri o‘yinga tushgani yo‘q. So‘nggi marta Shimoliy Koreyaga qarshi jarohatlar bilan to‘la bo‘lgan tarkib bilan o‘ynab, muhim g‘alabaga erishishdi va JCHga chiqish umidlarini saqlab qolishdi. To‘g‘ri, natija nuqtayi nazaridan murabbiy o‘zgarishi hali ta’sirini ko‘rsatmadi, chunki Kosmin Olariu jamoani rasmiy o‘yinda boshqargani yo‘q. Lekin uning kelishi futbolchilarga katta ruhiy ko‘mak berdi.

– Murabbiy o‘zgarganidan so‘ng tarkibda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldimi?
– Kosmin Olariu har doim himoyaviy taktika bilan ishlaydi. O‘zbekiston uchun bu holat qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, Kosmin o‘z klubi "Sharja"dan bir nechta futbolchilarni chaqirib oldi. Bu esa tabiiy hol, chunki u ushbu o‘yinchilarni yaxshi taniydi.

– Bu vaziyatda BAA qanday natijaga umid qilmoqda?
– Ham jamoa, ham muxlislar faqat g‘alaba ularga jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyat yaratishini yaxshi bilishadi. Shu sababdan BAA O‘zbekistonga qarshi jangga juda jiddiy va ertadan tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– BAA terma jamoasining kuchli va zaif tomonlari haqida qanday fikrdasiz? Ikki terma jamoani solishtirgan holda, qay biri yaxshiroq vaziyatda o‘yinga kirishyapti deb o‘ylaysiz?
– O‘zbekiston milliy jamoasining butun Osiyodagi mavqei so‘nggi yillarda ancha yuqoriladi. Yosh futbolchilarning yutuqlari va asosiy tarkibning yaxshi o‘yinlari buni tasdiqlamoqda. Eldor Shomurodov va Abbosbek Husanov kabi Yevropada o‘zini ko‘rsatayotgan futbolchilar borligi BAAni xavotirga solmoqda. Ular bu vaziyatdan xabardor va ehtiyotkor.

– BAAda jamoaning ruhiy holati qanday? Ular O‘zbekistonga qarshi g‘alaba qozonishga qanchalik ishonmoqda?
– Ruhiy tayyorgarlik yuqori darajada. Agar O‘zbekiston ustidan g‘alaba qozonilsa, ular JCH yo‘llanmasi uchun oxirgi turda Qirg‘iziston bilan hal qiluvchi o‘yinga tushadi. Bu esa ular uchun juda kuchli motivatsiyadir.

– Yangi bosh murabbiy haqida fikringiz qanday? Olariu BAAni qanday natijalarga olib chiqishi mumkin deb o‘ylaysiz?
– Kosmin BAA futbolidagi eng yaxshi murabbiylardan biri va muxlislarga ancha tanish shaxs. U amirlik futbolida ancha yillardan beri ishlamoqda va ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Albatta, u ham ideal emas. Olariuning taktikasida ham zaif tomonlar bor, lekin uning asosiy kuchi motivatsion qobiliyatidir.

– Bu qadar muhim vaqtda murabbiyni o‘zgartirish to‘g‘ri qaror bo‘ldimi? Paulo Bentuga imkoniyat berish kerak emasmidi?
– Bu juda qiyin qaror bo‘ldi. Ko‘pchilik Bentu jamoani yetarlicha yuqori saviyaga olib chiqa olmagan deb o‘yladi. Futbolchilar esa u bilan ishlashni istashgan edi, lekin natijalarni o‘zgartirish kerakligi aniq bo‘ldi. Shuning uchun Kosmin Olariu kabi tajribali murabbiyni jalb qilishga qaror qilindi.

– Yangi murabbiy aynan shu o‘yin natijasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysiz?
– Kosmin jamoaning himoyaviy o‘yinini yaxshilashi kerak. Lekin uning eng katta yutug‘i futbolchilarni ruhlantira olish qobiliyatidir. Bu, albatta, jamoa uchun katta ustunlik bo‘ladi.

– Eldor Shomurodov kabi o‘yinchilarning raqibda bo‘lishi BAA uchun qanchalik muammo tug‘diradi? Ular o‘z tarkibida bu kabi futbolchilarga egami?
– Shomurodov va Husanovning darajasini hisobga olsak, BAA tarkibida Xolid Eysa kabi tajribali darvozabon va Fabio De Lima, Markus Meloni, Xarib Abdulla kabi hujumkor futbolchilar bor. Ular ham vaziyatdan unumli foydalanishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilardir.

– So‘nggi savol. Ertangi o‘yinga qanday taxmin berasiz?
– Menimcha, BAA uchun bu o‘yin qiyin kechadi. O‘ylaymanki, durang qayd etiladi. Durang ham BAA uchun yaxshi natija hisoblanadi, chunki O‘zbekiston juda kuchli raqib. Sizning terma jamoangiz uchun ham bu yomon natija bo‘lmaydi deb hisoblayman.

- Suhbat uchun katta rahmat, Jon.
– Sizga ham katta rahmat va O‘zbekistonga omad tilayman!

Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » BAA – O‘zbekiston: BAA futboli eksperti bilan eksklyuziv tahliliy suhbat