
Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi UYEFA Millatlar ligasi finalida Yevropaning amaldagi chempioni bo‘lgan Ispaniyani dramatik o‘yinda mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Bellashuv Germaniyada katta e’tibor bilan kuzatildi. Uchrashuv davomida Ispaniya ikki marta hisobda oldinga chiqqan bo‘lsa-da, portugaliyaliklar javob qaytarib, asosiy vaqtni 2:2 hisobi bilan yakunlashga muvaffaq bo‘lishdi. Qo‘shimcha taymlarda hisob o‘zgarmadi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. Natijada Portugaliya terma jamoasi 5:3 hisobida zafar quchdi va Millatlar ligasining yangi chempioniga aylandi.
Ushbu final nafaqat Portugaliya uchun, balki Krishtianu Ronalduning shaxsiy faoliyati uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Afsonaviy hujumchi 40 yoshu 203 kunlikda Millatlar ligasi finalida maydonga tushib, ushbu musobaqa tarixida ishtirok etgan eng yoshi katta futbolchi sifatida yangi rekord o‘rnatdi.
Avvalgi rekord 2023 yili Xorvatiya va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi finalda qayd etilgan edi. O‘sha bellashuvda ishtirok etgan xorvat futbolchisi Luka Modrich 37 yoshu 282 kunlik, ispaniyalik Xesus Navas esa 37 yoshu 209 kunlik bo‘lib, musobaqaning eng yoshi katta futbolchilari sifatida e’tirof etilgandi. Endi esa bu ko‘rsatkich ham Ronalduga tegishli.
Krishtianu Ronaldu ushbu finalda ham o‘zining kurashchanligi, tajribasi va sovuqqonligi bilan jamoasiga katta hissa qo‘shdi. U penaltilar seriyasida ilk zarbani ishonchli amalga oshirib, jamoa ruhiyatini ko‘tardi. Hujumchining hozirgacha terma jamoa bilan 5 ta yirik finalda ishtirok etib, 3 ta titulni qo‘lga kiritgani qayd etilmoqda.
Futbol dunyosidagi faoliyati davomida turli yoshdagi rekordlarni zabt etayotgan Ronaldu yana bir bor o‘zining noyob sportchi ekanini namoyon etdi. Uning mehnati, intizomi va ruhiy barqarorligi hali ham yuqori darajada ekanini ushbu final yana bir bor isbotladi.
Portugaliyaning ushbu zafarli g‘alabasi muxlislar uchun katta bayramga aylandi. Krishtianu Ronaldu esa nainki chempionlik, balki yangi rekord bilan ham Millatlar ligasi finalida yorqin iz qoldirdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar