date
views 224

Krishtianu Ronaldu faoliyatini qayerda davom ettirishini e’lon qildi

Krishtianu Ronaldu faoliyatini qayerda davom ettirishini e’lon qildi
Millatlar ligasida Portugaliya bilan yana bir bor Yevropa futbolida zafar quchgan Krishtianu Ronaldu endi klub darajasidagi faoliyati bo‘yicha ham muhim bayonot berdi. Futbol olami kutgan savolga afsonaviy hujumchi o‘zi nuqta qo‘ydi: u Saudiya Arabistonida qoladi.

40 yoshli salohiyatli to‘purar, futbol dunyosidagi eng taniqli yulduzlardan biri sanalgan Ronaldu Millatlar ligasidagi finaldan keyin jurnalistlar savoliga shunday javob qaytardi:

“Kelajagim haqida savollar ko‘paydi, lekin amalda hech narsa o‘zgarmadi. Ha, men “An-Nasr”da qolaman,” — dedi u qisqa va aniq tarzda.

Avvalroq, uning “An-Nasr” jamoasi bilan tuzilgan amaldagi shartnomasi 2024 yil 30 iyunda yakunlanishi ma’lum qilingan edi. Shu boisdan, turli qit’alardan — Yevropa, Janubiy Amerika va hatto Yaponiya klublari Ronalduni o‘z safida ko‘rish istagini bildirgan. Xususan, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalar tomonidan qiziqish kuchli bo‘lgan.

Biroq Saudiya Arabistonining “An-Nasr” jamoasi Ronalduni o‘z safida saqlab qolish uchun jiddiy harakat qildi. Jamoaning sport direktori Fernando Yerro shaxsan mashhur futbolchi bilan muzokaralar olib bordi va uni klubda qolishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.

Manbalarga ko‘ra, Ronaldu “An-Nasr” bilan yaqin kunlarda yangi shartnoma tuzishi kutilmoqda. Yangi kelishuvda moliyaviy shartlar bilan birga, marketing va brending bo‘yicha ham eksklyuziv huquqlar nazarda tutiladi.

Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonida nafaqat sportchi sifatida, balki futbol elchisi sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Uning mamlakat chempionatidagi ishtiroki butun saudiya futboliga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ronalduning “An-Nasr”da qolish qarori uning karyerasini Yaqin Sharqda davom ettirishini anglatadi. Undan kutilayotgan gollar, rekordlar va yangi zafarlar hali oldinda, shubhasiz. Futbol dunyosi esa uning keyingi mavsumdagi harakatlarini katta qiziqish bilan kuzatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Krishtianu Ronaldu faoliyatini qayerda davom ettirishini e’lon qildi