
Angliyaning "Manchester Siti" klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiola nafaqat futboldagi muvaffaqiyatlari, balki ijtimoiy va madaniy sohalardagi faoliyati bilan ham e’tirof etildi. U yaqinda Manchester universiteti tomonidan faxriy doktorlik unvoni bilan taqdirlandi. Bu unvon murabbiyning shahar taraqqiyoti va Guardiola Sala jamg‘armasi orqali amalga oshirayotgan xayrli ishlariga berilgan yuksak bahodir.
“Manchester men uchun shunchaki ish joyi emas, balki ikkinchi uyimdir. Bu yerda to‘qqiz yildan beri faoliyat yurityapman va har bir kunim men uchun qadrli. Odamlar, madaniyat, klub, hamkasblarim – bular hayotimda alohida o‘rin tutadi. Universitetdan bunday unvon olish men uchun katta sharaf”, – dedi Gvardiola o‘z chiqishida.
Mashhur murabbiy ta’kidlashicha, Manchester universiteti – ilmiy salohiyati, tarixiy kashfiyotlari va jamiyatga qo‘shgan hissasi bilan Britaniyaning yetakchi ta’lim dargohlaridan biri sanaladi. 1824 yilda tashkil topgan bu ta’lim muassasasi “qizil g‘ishtli universitetlar” deb ataladigan nufuzli akademik markazlar qatoriga kiradi.
Futbolda inqilob yaratgan Gvardiola hayotning boshqa sohalarida ham ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shmoqda. U asos solgan Guardiola Sala jamg‘armasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va kam ta’minlangan oilalarga yordam berish yo‘nalishlarida faol ish olib boradi. Bu xayrli ishlar Gvardiolani faqat murabbiy emas, balki jamiyatga foydali shaxs sifatida ham ko‘rsatmoqda.
Manchester universiteti rahbariyatining ta’kidlashicha, Pep Gvardiolaning nafaqat sportdagi yutuqlari, balki insonparvarlik ishlari ham yoshlarga ibrat bo‘lishga arziydi.
Ayni paytda “Manchester Siti” klubi ham murabbiyining ushbu yuksak unvonini tabrikladi va bu voqeani futbol dunyosi uchun ilhom manbai deb baholadi.
Pep Gvardiolaning hayotdagi har bir qadami futbolchilar, muxlislar va jamoatchilik uchun ibrat bo‘lmoqda. Uning ilm va ma’rifat sohasidagi e’tirofi esa uning shaxsiyatining yana bir yuksak qirrasini namoyon etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar