date
views 290

Trent: "Real"da bo‘lish — bolaligim orzusi edi (ilk katta intervyu)

Trent: "Real"da bo‘lish — bolaligim orzusi edi (ilk katta intervyu)
"Real Madrid"ning yangi futbolchisi Trent Aleksandr-Arnold o‘zining ilk matbuot anjumanida ishtirok etib, bir qator qiziqarli va samimiy fikrlari bilan jamoa muxlislari va jurnalistlar diqqat markazida bo‘ldi.

Mashhur angliyalik himoyachi o‘z so‘zlarini samimiy hislar bilan boshladi:
— “Real Madrid” bilan shartnoma imzolash har kuni sodir bo‘ladigan voqea emas. Bu bolaligimdan orzu qilgan manzilim edi. Bu yerda bo‘layotganimdan faxr va baxt tuymoqdaman. "Real" – futbol tarixi va an’analari bilan ajralib turuvchi klub, unga hurmat qilish – har qanday insonning burchidir.

Trent bolaligidanoq madridliklarning yutuqlarini diqqat bilan kuzatganini ta’kidladi:
— Men “Real”ning 3 ta Chempionlar ligasidagi g‘alabasini ko‘rib voyaga yetganman. Bu jamoaning sovrinlarga erishishi men uchun yangilik emas, balki motivatsiya manbai bo‘lgan.

Arnold Xabi Alonso bilan aloqalari haqida ham gapirib o‘tdi:
— Xabi bilan bir necha marta suhbatlashganman. U mening futboldagi kumirlarimdan biri bo‘lgan va u bilan bir jamoada ishlash imkoniyati orzumning ro‘yobga chiqishidir. Uning atrofida bo‘lib, undan o‘rganishga harakat qilaman.

Karvaxal haqidagi fikrlar ham diqqatga sazovor bo‘ldi:
— Karvaxal — a’lo darajadagi futbolchi. Uning erishgan yutuqlari ishtiyoq va iste’dod samarasi. Unga nisbatan katta hurmatim bor.

Bellingem bilan munosabatlari haqida so‘ralganda, Arnold quyidagilarni aytdi:
— Bellingem bilan gaplashganmiz, albatta. Ammo odamlar o‘ylaganchalik ko‘p emas (kuladi). Biz “Liverpul”, “Real” va futbol haqida oddiy futbolchi sifatida fikr almashganmiz.

Arnold “Real” tarixidagi ingliz futbolchilarining soni kamligini alohida ta’kidlab o‘tdi:
— Bu klubda o‘ynagan inglizlar sanoqli. Shuning uchun “Real Madrid” futbolchisi sifatida tarixda iz qoldirish men uchun muhim.

Jamoadagi raqobat haqida:
— Bu yerda “Oltin to‘p” uchun kurashish oson bo‘lmaydi (kuladi). Ammo men raqib emas, hammasini birga o‘ynayotgan jamoadoshlar sifatida ko‘raman va bu menga ilhom bag‘ishlaydi.

Trent o‘zining “Liverpul”dagi sayohatini ham esga oldi:
— "Liverpul" menga futboldagi barcha orzularimni amalga oshirish imkonini berdi. U jamoaga umrbod minnatdorman. Ammo hayotda ba’zan yangi qadam tashlash zarur. “Real Madrid”dan taklif tushgach, men bu fursatni qo‘ldan chiqarmaslikka qaror qildim.

Matbuot anjumanining qiziq jihatlaridan biri, Arnoldning ispan tilida so‘zlashgani bo‘ldi:
— Prezident mening ispan tilimdan hayratda qoldi (kuladi). Buning uchun ancha mehnat qildim.

Futbolchi o‘zining formasida “Trent” yozuvi bo‘lishi sababini ham shunday tushuntirdi:
— Yevropada odamlar mening ismimni noto‘g‘ri talaffuz qilishadi. Kimdir meni Arnold, kimdir Aleks deb chaqirishi mumkin. Shuning uchun barchasini soddalashtirib, faqat “Trent” deb yozishga qaror qildim.

Matbuot anjumani yakunida Trent “Real”da ham xuddi “Liverpul”dagiday muvaffaqiyatlarga erishishga va jamoaga ko‘plab golli uzatmalar yo‘llashga harakat qilishini ta’kidladi.

— Har bir o‘yinda, har bir daqiqada jamoa uchun foydali bo‘lishni xohlayman. To‘p bilan ham, to‘psiz ham, maydonda ta’sir ko‘rsata olish mening maqsadim.

Bu tarixiy transfer Trent Aleksandr-Arnold uchun yangi bosqichni boshlab berdi. “Real Madrid” uchun esa yangi davrning muhim futbolchisi bo‘lishi kutilmoqda.

Hozircha esa bir narsa aniq — Arnold Madridda o‘zini baxtli his qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Trent: "Real"da bo‘lish — bolaligim orzusi edi (ilk katta intervyu)