
Madridning "Real" klubi safida yangi davr boshlanmoqda. Jamoa yaqinda bosh murabbiylik lavozimiga tayinlangan Xabi Alonso qo‘l ostidagi ilk o‘yinini kutayotgan bir paytda, klubning yetakchi hujumchilaridan biri Vinisius Junior yangi mutaxassis haqida fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida klubni tark etgan Karlo Anchelotti o‘rniga kelgan Alonso 18 iyun kuni "qaymoqranglilar"ni ilk bor boshqaradi. Bu bellashuv Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati doirasida Saudiya Arabistonining "Al Hilol" jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:59 da start oladi.
Braziliyalik yulduz Vinisius Junior yangi bosh murabbiy bilan olib borilayotgan mashg‘ulotlar, jamoa ruhi va bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik haqida shunday dedi:
— Xabi Alonso rahbarligidagi mashg‘ulotlar ancha talabchan va samarali tarzda o‘tyapti. Uning ish uslubi juda jiddiy va har bir detalga e’tibor qaratadi. Biroq, bugun parvoz sababli mashg‘ulotlar biroz yengillashtirildi. Shunga qaramasdan, biz barcha diqqat-e’tiborimizni bo‘lajak o‘yinga qaratayapmiz. Men murabbiy bilan shaxsan suhbatlashdim va barchasidan mamnunman. Muvaffaqiyat uchun harakatni to‘xtatmaymiz, — dedi Vinisius.
Bu mavsum "Real" uchun faqat yangi murabbiy bilan emas, balki yangi ruh, yangi yondashuv bilan ham boshlanadi. Xabi Alonso o‘zining o‘yin konsepsiyasi va liderlik qobiliyati bilan jamoaga yangicha ruh bag‘ishlashni maqsad qilgan.
Mutaxassis sifatida "Bayer"da muvaffaqiyat qozongan Alonso endi dunyodagi eng nufuzli klublardan biri — "Real"ning boshqaruvini qo‘lga oldi. Muxlislar undan katta natijalar kutayotgan bir paytda, futbolchilar ham bu ishonchni oqlash uchun tayyorgarlikni yuqori saviyada olib borishmoqda.
18 iyun kuni bo‘ladigan "Real" – "Al Hilol" to‘qnashuvi Xabi Alonso uchun debyut, jamoa uchun esa yangi sahifaning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Barchasini esa maydondagi o‘yin hal qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar