
Kataloniyaning mashhur “Barselona” klubida yana bir shov-shuvli voqea kuzatilmoqda. Jamoa sardori va asosiy darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen bilan bosh murabbiy Xans-Diter Flik o‘rtasida jiddiy muammolar borligi ma’lum qilindi. Bu haqda "Onda Cero" radiosi jurnalisti Alfredo Martines o‘z insayder manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki nemis mutaxassis o‘rtasidagi munosabatlar «juda sovuq» va bu holat klub ichkarisida jiddiy muammolarga sabab bo‘la boshlagan. “Barsa” rahbariyati esa vaziyatni yondashuvlar orqali emas, balki kadrlar o‘zgarishi bilan hal etish niyatida: ter Shtegen bilan xayrlashish va uning o‘rniga “Espanol” jamoasining yosh va iqtidorli posboni Xuan Garsiyani olib kelish rejalashtirilmoqda.
Ammo 33 yoshli nemis golkiperi o‘z qarorini o‘zgartirishga tayyor emas. Uning “Barselona” bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha davom etadi va hozircha klubni tark etish niyati yo‘q. Shu bilan birga, Turkiyaning “Galatasaray” klubi ham ter Shtegenga qiziqish bildirgan, ammo bu taklif futbolchi tomonidan rad etilgani aytilmoqda.
Ter Shtegen so‘nggi yillarda "Barselona" uchun muhim shaxsga aylandi: u nafaqat mustahkam posbon, balki jamoa sardori sifatida ham yetakchilik qildi. Uning ketishi klubdagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa, so‘nggi mavsumlarda jamoada ko‘plab o‘zgarishlar kuzatilayotganini inobatga olsak.
Hozircha uning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Flik bilan kelishuvga erishiladimi yoki klub uning o‘rniga yangidan golkiper olib keladimi — bu savollarga yaqin haftalarda aniqlik kiritilishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar