date

Neymarning otasi: “Uning hayotini karnaval deb bilmang”

Neymarning otasi: “Uning hayotini karnaval deb bilmang”
Braziliya futbolining eng shov-shuvli yulduzlaridan biri – Neymarning shaxsiy hayoti haqidagi munozaralar yana kun tartibiga qaytdi. Bu safar futbolchining otasi vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qildi. U o‘g‘liga nisbatan bildirilayotgan asossiz tanqidlarga aniq munosabat bildirdi.

“Har kecha karnavalga boradi, deb o‘ylash — haqiqatdan yiroq”, – deydi Neymarning otasi. “Maydonda u – professional. Uning dam olish kunlarida ziyofatlarga borishi yoki tanishlar bilan uchrashishi shaxsiy masala. Bu jarayonlar uning sportdagi faoliyatiga ta’sir qilmaydi. Qizlar bilan uchrashgani uchun jarohat oldi, deyish – mutlaqo asossiz. Poker o‘ynagani uchun xochsimon bog‘lam uzildi, deb o‘ylash ham kulguli. Bu voqealar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q”.

Otasining aytishicha, Neymarning hozirgi holati yaxshi – jismoniy jihatdan tetik, ruhan barqaror. Ammo hozircha unda to‘liq tezlik yo‘q, shu bois qayta formaga kirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Aytish kerakki, “Santos” klubi futbolchi bilan shartnomani 2026 yilning qishigacha uzaytirish niyatida ekanligi haqida xabarlar tarqalgan. Bu Neymarning Braziliya futbolida yana ancha muddat faol harakat qilishini anglatadi.

Muxlislar orasida ham bu voqealarga nisbatan fikrlar ikkiga bo‘lingan. Bir tomon futbolchining shaxsiy hayotini hurmat qilishni, ikkinchi tomon esa undan butunlay professional yo‘nalishdagi intizomni talab qilmoqda. Ammo otasi aytganidek, muhim jihat – Neymarning maydondagi fidoyiligi va sportga qaytishga bo‘lgan intilishidir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Neymarning otasi: “Uning hayotini karnaval deb bilmang”