
Futbol ishqibozlari uchun yana bir tarixiy kun boshlanmoqda. Bugun, 18 iyun kuni Angliyaning yetakchi klubi — “Manchester Siti” o‘z yurishini klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida boshlaydi. “G” guruhidan joy olgan “shaharliklar” birinchi bahsda Marokashning “Vidad” jamoasiga qarshi maydonga tushishadi. Uchrashuv 21:00 da start oladi.
Bellashuv oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Pep Gvardiola jurnalistlar savollariga javob berdi. Ispaniyalik murabbiy mavsum boshida jamoadagi muhit juda ijobiy ekanini ta’kidladi:
“Bu mavsumning boshlanishi. Bizda yangi qo‘shilgan o‘yinchilar bor va ularda ulkan salohiyat mavjud. Ular jamoamizga yaxshi moslashmoqda. Har bir futbolchi mavsum davomida imkoniyatga ega bo‘ladi. Kimdir ko‘proq, kimdir kamroq o‘ynaydi — lekin hamma jalb etiladi”, — dedi Gvardiola.
Albatta, O‘zbekiston futbol jamoatchiligini qiziqtirayotgan asosiy savol shunday: Abduqodir Husanov bugun maydonda bo‘ladimi?
O‘zbek futboli uchun g‘ururli voqelik — hozirda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida rasman eng qimmat Osiyo futbolchisi hisoblanadi. Uning katta klubdagi ilk harakatlari, jismoniy va texnik jihatdan rivoji Pep Gvardiolaning ham diqqat markazida. Bugungi bellashuv — unga ishonch bildirilishini anglatadimi, buni 90 daqiqalik to‘qnashuvda bilamiz.
Qayd etish joizki, “Vidad” — Marokashning mashhur klublaridan biri bo‘lib, fizik jihatdan kuchli va intizomli o‘yini bilan tanilgan. Bu “Manchester Siti” uchun yaxshi sinov bo‘ladi. Jamoa safida Erling Xoland, Bernardu Silva, Rodri kabi yulduzlar bor ekaniga qaramasdan, Gvardiola raqibni kamsitmasdan, jamoasini jiddiy tayyorlamoqda.
Matbuot anjumanida aytilganidek, jamoada “hamma o‘ynaydi”, bu esa Husanovning debyuti bo‘lishi ehtimolini yanada oshiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi uchrashuv nafaqat “Siti” uchun, balki o‘zbek futbol tarixi uchun ham muhim kun bo‘lishi mumkin. Milliy sharafimizni namoyon etadigan Husanovni katta sahnada ko‘ramizmi? Javob — soat 21:00 da. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar