
AQSHda start olgan futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining ilk turi qizg‘in bahslar bilan boshlandi. 18-iyun sanasida Filadelfiya shahrida joylashgan “Linkoln Faynenshel Fild” arenasida G guruhi doirasida “Manchester Siti” hamda Marokashning “Vidad” klublari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Angliya grandlari bu o‘yinda ishonchli g‘alabaga erishishdi — 2:0.
Bellashuv deyarli boshlanishi bilan gol urishga muvaffaq bo‘lgan “Siti” 2-daqiqadayoq Filip Fodenning to‘purarligiga suyandi. Birinchi bo‘limning 42-daqiqasida esa u yana bir muhim harakatni amalga oshirib, Jeremi Dokuning goliga assistentlik qildi. Belgiyalik futbolchi jamoaning ikkinchi golini urib, raqibni ranjitdi.
Shu bilan birga, uchrashuvning 88-daqiqasida “shaharliklar” himoyachisi Riko Lyuis qizil kartochka olib, jamoani bir kishi kam qoldirdi.
Angliya chempioni safida ikki nafar yangi nom — Teyani Reynders va Rayan Sherki debyut qildi. Ular asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Reynders to‘liq 90 daqiqa harakat qilgan bo‘lsa, Sherki 60-daqiqada almashtirildi.
Shuningdek, ikkinchi bo‘limda jarohatdan so‘ng tiklanayotgan Rodri Fodenning o‘rnida maydonga tushirildi. Bu uning so‘nggi jarohatdan keyingi ikkinchi rasmiy uchrashuvi bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bu safar “Manchester Siti” qaydnomasidan joy oldi, ammo unga maydonda o‘zini ko‘rsatish imkoni berilmadi.
G guruhidagi navbatdagi bellashuvda Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoa 23-iyun kuni BAA chempioni “Al-Ayn”ga qarshi maydonga tushadi. “Vidad” esa 22-iyun kuni “Yuventus”ga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 15-iyundan 13-iyulga qadar AQSHda bo‘lib o‘tadi. 32 ta klub sakkizta guruhga bo‘lingan va har bir guruhdan ikkitadan jamoa pley-offga yo‘l oladi. “Manchester Siti” esa musobaqaning favoritlaridan biri sifatida qaralmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar