date

Markus Reshford “Barsa” uchun maoshdan voz kechishga tayyormi?

Markus Reshford “Barsa” uchun maoshdan voz kechishga tayyormi?
Angliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” klubi hujumchisi Markus Reshford kelajagi borasida muhim qaror qabul qilish ostonasida turibdi. Marca nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yoshli futbolchi Ispaniyaning yirik klubi — “Barselona”da to‘p surishni juda ham istaydi va bu orzusi amalga oshishi uchun o‘z maoshini qisqartirishga ham rozi ekanini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Reshford o‘zining yaqin do‘stlari va maslahatchilariga “ko‘k-anorranglilar” safida o‘ynash uning futbolchilik faoliyati uchun eng maqbul va to‘g‘ri qadam bo‘lishini aytgan. Kataloniya klubi uni hozircha ustuvor transfer maqsadlar qatoriga kiritmagan bo‘lsa-da, futbolchining ushbu intilishi vaziyatni o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Ayni paytda “Barselona” hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy tarzda Niko Uilyams va “Liverpul”dan Luis Dias nomzodlariga e’tibor qaratmoqda. Biroq ushbu futbolchilarning transfer narxi va maoshi juda yuqori. Shu bois, Reshfordning nisbatan arzonroq bo‘lgan bahosi va klubda o‘ynashga nisbatan kuchli xohishi uni yanada jozibador variantiga aylantirmoqda.

O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Markus Reshford “Aston Villa” safida ijara asosida to‘p surdi. Angliya Premer-Ligasidagi 25 ta uchrashuvda 6 ta gol va 3 ta golli uzatma bilan ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkichlar murabbiylarni to‘liq qanoatlantirmagan bo‘lishi mumkin, ammo uning texnikasi, pozitsion o‘yini va katta tajribasi "Barselona" kabi katta bosimli jamoalarda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatadi.

Kuni kecha xabar tarqaldiki, Reshford “Barsa” rahbariyatiga faol muzokaralar o‘tkazish uchun o‘z agentlari orqali signal yuborgan. U, shuningdek, transfer amalga oshsa, jamoada o‘z o‘rnini to‘liq oqlashga tayyor ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Reshford “Manchester Yunayted” tarbiyalanuvchisi bo‘lib, ushbu klubda 2016 yildan beri asosiy tarkibda to‘p surib kelayotgan. Uning shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi, ammo u yangi yo‘nalishda o‘zini sinab ko‘rishni xohlayotgani sir emas.

Kataloniya klubi hujum chizig‘idagi tanqislikni hisobga olsak, “Barsa” rahbariyatining qabul qiladigan qarori nafaqat Reshford uchun, balki klubning yangi mavsumdagi taqdiri uchun ham hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Qanday bo‘lmasin, bu transfer ayni paytda muxlislar orasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Markus Reshford “Barsa” uchun maoshdan voz kechishga tayyormi?