
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi hujumchisi Eldor Shomurodovning faoliyatida yangi sahifa ochilishiga sanoqli kunlar qoldi. “Roma” safidagi bir necha mavsumdan so‘ng, legionerimiz Turkiya chempionatiga yo‘l olishi aniqlashmoqda.
Oxirgi kunlarda Yevropa va Turkiya sport nashrlari, xususan, mashhur turk jurnalisti Yag‘iz Sabunchuog‘lu “Istanbul Bashakshehir” klubi “Roma”ga Eldor Shomurodov uchun rasmiy taklif yuborayotganini yozgandi. Bu ma’lumot futbol jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otgan edi.
Yana bir mahalliy jurnalist Yakup Chinar esa hujumchimiz allaqachon Istanbulda ekanini va barcha shartlar yuzasidan “Bashakshehir” rahbariyati bilan kelishuvga erishilganini xabar qildi. Uning ta’kidlashicha, Eldor yaqin kunlarda yangi klubi bilan rasmiy shartnoma imzolaydi.
Eldor Shomurodovning ismi avvalroq “Galatasaroy”ga borishi mumkinligi haqida ham tilga olingan edi. Biroq, vaziyat butunlay boshqacha yo‘sin oldi: endi o‘zbekistonlik hujumchi Turkiyaning ambitsiyali jamoalaridan biri — “Bashakshehir” safida yangi sinovlarni boshlamoqda.
“Roma” safida Italiya chempionatidagi tajribasi, Yevropa Ligasida qayd etgan muhim gol va assistlari bilan muxlislar mehrini qozongan Eldor, endi yangi mamlakat va yangi chempionatda o‘zini ko‘rsatishga intiladi.
Turkiya nashrlariga ko‘ra, klublar o‘rtasida muzokaralar yakuniga yetayotgan bir paytda, Eldor Shomurodov yangi jamoasi bilan barcha shartlar bo‘yicha kelishib olgan. Tafsilotlar tez orada rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joiz, “Bashakshehir” Turkiya chempionatida yuqori maqsadlar sari intiladigan jamoalardan biri sanaladi. Eldorning bu yerdagi yangi sayohati, shubhasiz, O‘zbekiston futboli uchun ham, uning muxlislari uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi.
Yaqin kunlarda Eldor Shomurodov Turkiya chempionatida o‘z yo‘lini boshlaydi! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar