date

Flik “Barselona”ni yangilaydi: shu uch futbolchiga chiqish eshigi ko‘rsatildi

Flik “Barselona”ni yangilaydi: shu uch futbolchiga chiqish eshigi ko‘rsatildi
Ispaniya chempioni sifatida yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlagan “Barselona”da jiddiy o‘zgarishlar boshlandi. Kataloniya klubining bosh murabbiyi Xans-Diter Flik o‘z falsafasiga mos kelmaydigan futbolchilarni tarkibdan chiqarishga qaror qildi. Germaniyalik mutaxassisdan ma’lum bo‘lishicha, jamoani tark etadiganlar ro‘yxatiga Ansu Fati, Jerar Martin va Andreas Kristensen kiritilgan.

Bir paytlar “Messining vorisi” sifatida ko‘rilgan Ansu Fatidagi umidlar afsuski to‘liq oqlanmadi. Yosh hujumchidagi jarohatlar va noto‘g‘ri qarorlar uni asosiy tarkibdan uzoqlashtirdi. Hozirda Fatiga jiddiy qiziqish bildirgan jamoa — Fransiyaning “Monako” klubi. Ular hujumkor futbolchini bir mavsumlik ijaraga olib, keyinchalik 12 million yevroga sotib olish huquqini ham ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Bu bilan cheklanib qolmagan “Barsa” rahbariyati himoya chizig‘ida ham tozalash ishlarini boshladi. Chap qanot himoyachisi Jerar Martinga Angliyaning “Bornmut” klubi tomonidan 12 million yevroga teng taklif berildi. Kataloniyaliklar mazkur taklifni ma’qullagani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Yana bir muhim nom — Andreas Kristensen. Daniyalik markaziy himoyachiga Saudiya Arabistonining yirik klubi “An-Nasr” da’vogarlik qilmoqda. Ular “Barselona”ga 20 million yevro taklif qilib, mustahkam kelishuvga erishish istagini bildirgan.

Flikning bosh murabbiy sifatidagi birinchi ishi — jamoani qayta qurish va o‘z uslubini to‘liq tatbiq etish ekani kunday ravshan. U “Barsa”ni faqat yulduzlarga emas, jamoaviy uyg‘unlikka asoslangan mexanizm sifatida shakllantirishni maqsad qilgan. Buning uchun esa nomuvofiq futbolchilardan xalos bo‘lish tabiiy jarayon.

Kataloniya klubi muxlislari esa kutib turishmoqda — yangi mavsumda Xans-Diter Flik boshchiligida “Barsa” qanday jamoa bo‘lishi hozircha sir. Bir narsa aniq: tarkibiy o‘zgarishlar davri boshlandi!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Flik “Barselona”ni yangilaydi: shu uch futbolchiga chiqish eshigi ko‘rsatildi