
Qozog‘iston Premer-ligasida bu mavsumda katta umidlar bilan start olgan “Turon” jamoasi mavsum o‘rtasida kutilmaganda jiddiy muammolar girdobida qoldi. Turkiston viloyati sharafini himoya qiluvchi klub o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining diqqat markazida edi. Chunki jamoa safida to‘rt nafar tajribali va iqtidorli o‘zbekistonlik futbolchi – Shahboz Umarov, Behruz Asqarov, Xurshid Muxtorov va Odiljon Abdumajidov to‘p surishardi.
Mavsum boshida yuqori natijalarga erishish maqsadida klub rahbariyati bir qator kuchli legionerlarni jalb etgan edi. Ularning aksariyati turli mamlakat chempionatlarida o‘zini ko‘rsatgan, tajribali futbolchilar edi. Jumladan, Shahboz Umarov – Qozog‘istonda yaxshi tanilgan hujumkor futbolchi. U “Ordabasi” tarkibida kubok va chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bu mavsumda esa “Turon” uchun 10 ta uchrashuvda bitta gol va uchta golli uzatma bilan o‘z hissasini qo‘shdi.
Behruz Asqarov esa Toshkentning “Paxtakor” jamoasidan ijara asosida jalb etilgan edi. Universal futbolchi sifatida 12 ta o‘yinda ishtirok etib, bir gol va ikki assist bilan ajralib turdi. Qizig‘i shundaki, Asqarovning taqdiri endi “sherlar” klubi qaroridan kelib chiqadi. Uning keyingi faoliyati aynan “Paxtakor”ning rejalari bilan bog‘liq bo‘ladi.
Himoya chizig‘ida esa Xurshid Muxtorov va Odiljon Abdumajidov o‘zlarining barqaror o‘yinlari bilan muxlislar e’tiborini qozongan. 31 yoshli tajribali himoyachi Muxtorov 12 ta o‘yinda ishtirok etgan va bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. 24 yoshli Abdumajidov esa chempionat va kubokda jami 13 marta maydonga tushgan va jamoa himoyasida muhim rol o‘ynagan.
Biroq moliyaviy inqiroz sabab klubda vaziyat keskin o‘zgardi. Maoshlarni o‘z vaqtida to‘lash muammosi tufayli avval murabbiylar shtabi, keyin esa futbolchilar ketishi boshlandi. Vitaliy Jukovskiyning ketishi ortidan jamoa vaqtinchalik bosh murabbiy Renat Abdulin qo‘lida faqat mahalliy futbolchilarga tayanadigan bo‘ldi. 14 iyun sanasidagi o‘yinda “Turon” to‘liq qozog‘istonliklar bilan maydonga tushdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, klub barcha legionerlar bilan xayrlashishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu haqda futbol sharhlovchisi Alimjon Asqar jamoatchilikka ma’lum qilib, futbolchilar shartnomalarni bekor qilayotganini tasdiqladi.
Asqarning ta’kidlashicha, legionerlarni ommaviy ravishda jamoaga jalb etish boshidanoq noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Uning fikriga ko‘ra, mahalliy futbolchilarga ishonish va ularni rivojlantirish ancha manfaatli bo‘lar edi. Uning qayd etishicha, jamoani tark etayotganlar quyidagilar: Shahboz Umarov, Behruz Asqarov, Xurshidbek Muxtorov, Odilbek Abdumajidov, Yegor Xatkevich, Ruslan Yudenkov, Iovan Payovich, Luka Zgurskiy, Vasiliy Sovpel, Goran Miloyko va Konstantin Dorofeyev.
Endilikda o‘zbekistonlik futbolchilar uchun yangi manzil topish davri boshlanadi. Ayni paytda Shahboz Umarovga Qozog‘iston Premer-ligasining boshqa jamoasi – “Jenis” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ushbu klub futbolchini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun harakat boshlagan.
Qisqasi, “Turon” klubida mavsum boshidagi katta rejalar afsuski muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanmoqda. Bir vaqtlar legionerlardan umid qilgan rahbariyat endi faqat mahalliy futbolchilar bilan yo‘l olishga qaror qildi. Bu esa o‘zbekistonlik futbolchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Ularga yangi jamoa va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar