
Yevropa futbolida yozgi transfer oynasi qizg‘in pallaga kirgan bir paytda, "Barselona" klubi hujumchisi Robert Levandovskining kelajagi yana futbol muxlislari va ekspertlar muhokamasi markaziga aylandi. Diario Sport va Al-Riyadiyah manbalarining yozishicha, polyak snayperi Kataloniya klubi bilan amaldagi shartnomasi tugaganidan so‘ng faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirish niyatida.
Ta’kidlanishicha, hozirda Levandovski vakillari Saudiya Arabistoni klublari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazmayapti. Ammo Robert o‘z yaqinlariga, 2026 yil yozida shartnoma yakunlangach, yangi yo‘nalishga yo‘l olish haqida fikr bildirgan. Katta ehtimol bilan u Osiyo futboliga, xususan, so‘nggi yillarda yulduzlar oqimi sezilarli darajada kuchaygan Saudiya Arabistoni chempionatiga yo‘l olishi mumkin.
Levandovski bu qarorga qaramay, hozircha barcha e’tiborini “Barselona”dagi so‘nggi mavsumiga qaratadi. Klubda qolgan vaqtda esa undan yana yuqori darajada o‘yin va samaradorlik kutiladi. Chunki o‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 52 ta o‘yinda ishtirok etib, 42 ta gol va 3 ta golli pasga mualliflik qildi — bu, shubhasiz, yuqori natija.
Kataloniya klubi rahbariyati ham, Levandovski ham shartnomani uzaytirish niyatida emas. Bu esa yangi mavsum uning "Barselona" safidagi so‘nggisi bo‘lish ehtimolini kuchaytiradi. Ko‘pchilik futbol mutaxassislari va ishqibozlar, kelgusi mavsumda Levandovski “Barsa”ning hujumdagi asosiy kuchlaridan biri bo‘lib qolishini va Kataloniyalik muxlislar uchun yana ko‘p bor hayajonli lahzalar tuhfa etishini kutmoqda.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni chempionatida dunyoning turli yulduzlari to‘p surmoqda va chempionat nufuzi ortib bormoqda. Levandovskining ushbu ligaga yo‘l olishi nafaqat moliyaviy jihatdan, balki brend qiymati va marketing nuqtayi nazaridan ham u uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin.
Katta ehtimol bilan, 2026 yil yozida Robert Levandovski “Barselona”dan ketib, Saudiya Arabistoni chempionatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Ammo ungacha u muxlislarni yuqori darajadagi gollari va o‘ziga xos o‘yin uslubi bilan xursand qilishda davom etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar