date

Abduqodir Husanov tarixga kirdi — “Siti” 6:0 hisobida g‘alaba qozondi (video)

Abduqodir Husanov tarixga kirdi — “Siti” 6:0 hisobida g‘alaba qozondi (video)
Yevropaning yetakchi chempionatlari yozgi tanaffusga chiqqanida, butun futbol olamining diqqati AQSHda o‘tkazilayotgan yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qaratildi. Musobaqada jahonning turli mintaqalaridan kelgan 32 ta elit klub qatnashmoqda. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov to‘p tepayotgan “Manchester Siti” ham bor.

Xosep Gvardiola boshqaruvidagi “shaharliklar” birinchi turda Marokashning “Vidad” klubini 2:0 hisobida yenggan bo‘lsa, ikkinchi turda BAA vakili — “Al-Ayn”ga qarshi maydonga tushdi. E’tiborlisi, bu safar Husanov asosiy tarkibda maydonga tushirildi. Bu uning jamoa safida bir necha oydan so‘nggi ilk start bahsi bo‘ldi.

Uchrashuv "Siti"ning to‘liq ustunligida o‘tdi. Ilkay Gyundogan 8-daqiqada hisobni ochdi. 27-daqiqada yosh argentinalik Klaudio Echeverri ikkinchi gol muallifiga aylandi. Himoyachilarni bosim ostida qoldirgan Erling Xoland esa tanaffus arafasida penaltini aniq amalga oshirib, 3:0 hisobini o‘rnatdi.

Ikkinchi taymda ham “Siti”ning ustunligi davom etdi. 58-daqiqada Abduqodir Husanov qo‘pol harakati uchun sariq kartochka oldi. Uch daqiqadan so‘ng esa murabbiy uni Oskar Bobb bilan almashtirdi. Bu almashinuv ham o‘z samarasini berdi: 75-daqiqada aynan Bobb gol urdi.

Bundan avvalroq Ilkay Gyundogan ikkinchi bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi. O‘yinning yakunlanishiga yaqin esa yozda jamoaga kelib qo‘shilgan Rayan Sherki o‘z goli bilan hisobni 6:0 ko‘rinishiga keltirdi.

O‘yinda 61 daqiqa harakat qilgan Abduqodir Husanov tarixdagi ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida FIFAning yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Uning nomini yana bir jihatdan ta’kidlash mumkin: Husanov — “Manchester Siti” safida ushbu musobaqada sariq kartochka olgan birinchi futbolchiga aylandi.

Endilikda “Siti” keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan holda guruhdagi so‘nggi uchrashuvni “Yuventus”ga qarshi o‘tkazadi. Har ikkala jamoa ham 6 ochkodan jamg‘argan bo‘lib, bu bellashuv guruh g‘olibini aniqlab beradi. Ushbu titanlar to‘qnashuvi 26 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov tarixga kirdi — “Siti” 6:0 hisobida g‘alaba qozondi (video)