
Yevropa futbolidagi yilning eng nufuzli individual mukofoti — “Oltin to‘p” uchun kurash qizg‘in pallaga kirdi. Mashhur "TNT Sports" portali har yili an’anaviy tarzda e’lon qiladigan reytingning so‘nggi nashrida asosiy intriga ro‘y berdi: “Pari Sen-Jermen” (PSJ) yarim himoyachisi Vitinya 2025 yilgi mukofot uchun asosiy favorit sifatida e’tirof etildi va uzoq vaqt davomida yetakchilikni qo‘lda ushlab turgan jamoadoshi Usmon Dembeleni, shuningdek, “Barselona”ning yosh iste’dodi Lamin Yamalni ortda qoldirdi.
Vitinya nega favoritga aylandi?
Portugaliya terma jamoasi a’zosi Vitinya uchun 2024/25 yilgi mavsum haqiqiy parvoz davri bo‘ldi. Parijliklar bilan birga u to‘rtta yirik titulni qo‘lga kiritdi — Fransiya chempionati, Kubogi, Liga Kubogi va Superkubogini o‘z g‘aznasiga joyladi. Faqat bu emas, Vitinya Portugaliya terma jamoasi safida Millatlar Ligasida ham bosh sovringa ega chiqdi va asosiy figuralardan biriga aylandi.
Uning jamoadoshi Usmon Dembele reytingda ikkinchi pog‘onaga tushdi. Fransiyalik hujumkor o‘yinchi ham mavsumni juda yuqori saviyada o‘tkazgan, lekin Vitinyaning universalligi va hal qiluvchi o‘yinlardagi katta ta’siri mutaxassislar e’tiborini ko‘proq tortgani aniq.
Uchinchi o‘rinda esa — “Barselona”ning yosh iqtidori Lamin Yamal. Yoshgina bo‘lishiga qaramay, u jamoaning asosiy kuchlaridan biriga aylanib ulgurdi va katta umid bilan qaralayotgan nomzodlardan biri sanaladi.
Rodrining "Oltin to‘p"i va yangi davr
So‘nggi “Oltin to‘p” mukofoti “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodriga topshirilgan edi. Uni misli ko‘rilmagan darajadagi universal va barqaror o‘yinlari bilan tan olishdi. Ammo yangi mavsumda Yevropa futboli sahnasida Vitinya, Dembele va Yamal kabi yangi yulduzlar porlamoqda.
Yana bir muhim jihat shundaki, TNT Sports'ning “Oltin to‘p” poygasidagi favoritlari jamoaviy va shaxsiy yutuqlar, mavsum davomidagi barqarorlik va hal qiluvchi o‘yinlarda ko‘rsatgan mahoratiga ko‘ra baholanmoqda.
Quyida TNT Sports'ning so‘nggi reytingi:
1. Vitinya (“PSJ” va Portugaliya)
2. Usmon Dembele (“PSJ” va Fransiya)
3. Lamin Yamal (“Barselona” va Ispaniya)
Oldingi yillarda bu ro‘yxatning yuqori qismida Mbappe, Xoland, Messi, Benzema kabi yulduzlar bo‘lardi. Endi esa yevropa futboli yangi liderlarga ishonch bildirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar