
Kecha Namangan shahar, Davlatobod tumanida joylashgan "Markaziy" stadion katta futbol anjumaniga guvohlik qildi. "Navbahor"ning uy uchrashuvlari o‘tadigan ushbu tarixiy arenada navbatdagi muhim tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov shaxsan ishtirok etib, klub hayotidagi muhim o‘zgarishlarni e’lon qildi. Yig‘ilishning asosiy mavzusi — "Navbahor" klubidagi rahbariyat almashinuvi bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, shu kungacha “Navbahor” PFK vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan Otabek Arifovich Samatov endilikda klubning muhim bo‘g‘ini — “Navbahor” futbol akademiyasi boshqaruv tizimiga o‘tkazildi. U endi klub seleksiyasi — iqtidorli yosh futbolchilarni saralab, asosiy jamoaga tayyorlash ishlari bilan bevosita shug‘ullanadi.
Anjumanda yana bir qator katta yangiliklar ma’lum qilindi. Ya’ni, Namangan shahar Davlatobod tumani hokimi Anvarjon Tojimirzayev “Navbahor” PFK prezidenti etib tayinlandi. Bundan tashqari, Namangan viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Akramjon Dedabayev klub vitse-prezidenti lavozimini egalladi.
Viloyat hokimi yangi rahbarlarga futboldagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyat va omad tilab, “Navbahor” klubining yangi rahbariyatidan yangi muvaffaqiyatlar, yoshlarga e’tibor, seleksiya ishlarida ilg‘or yondashuv kutayotganini qayd etdi.
Mazkur yig‘ilishda klub uchun strategik qarorlar qabul qilindi, rahbariyatdagi yangilanishlar jamoa oldida turgan vazifalarni yanada samarali bajarishga xizmat qiladi, degan umid bildirildi. Muxlislar esa yangi rahbariyatdan “Navbahor”ning yuqori marralar sari intilishini, yangi iste’dodlarni kashf etishni kutib qolmoqda.
Shunday qilib, Namangan futbolining sharafli klubi “Navbahor”da katta o‘zgarishlar boshlandi. Yangi rahbariyat va seleksiya bo‘limiga katta ishonch va muxlislar e’tibori qaratildi. Klubning kelajakdagi qadamlari muxlislar uchun yanada qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar