
"Chelsi" bosh murabbiyi Enso Mareska klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida “Benfika”ga qarshi kechgan dramatik to‘qnashuvdan so‘ng o‘yin to‘g‘risidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, bu jamoaning so‘nggi oylardagi eng yaxshilab tayyorlangan va eng ishonarli o‘yini bo‘lgan.
"Biz o‘yin boshidan 85 daqiqa davomida maydondagi ustunlikni saqlab turdik. Raqibni bosim ostida ushlab turdik va ularni jiddiy vaziyatlarga qo‘ymadik. Jamoam juda yaxshi ko‘rinishda edi. Bu bizdan kutilayotgan yuqori darajali futbolning yorqin namunasi edi," – dedi Mareska.
Biroq, mutaxassisning aytishicha, ikkinchi taym oldidan berilgan ikki soatlik tanaffus butun ritmni yo‘q qildi. U shunday dedi: “Maydonga qaytganimizda go‘yo boshqa o‘yinga tushgandek bo‘ldik. Boshlang‘ich temp, ruhiy kayfiyat va rejalashtirilgan taktika bir zumda yo‘qolib qoldi. Biz avvalgidek harakat qilmoqchi bo‘ldik, ammo buning iloji bo‘lmadi.”
Mareska "Chelsi"ning ustunlikni yo‘qotishi borasida ham ochiq gapirdi. “Benfika” so‘nggi daqiqalarda faollashdi, bu holat shunchaki tasodif emasligini qayd etdi. “Biz 85 daqiqa mobaynida ularga hech narsaga imkoniyat bermadik, ammo keyingi lahzalarda raqib vaziyat yaratdi va gol urdi. Ular gol urishlari kerak edi va bunga erishishdi. Bu futbol va unda bunday burilishlar bo‘lishi tabiiy”, – deydi u.
Uning so‘zlariga qaraganda, futboldagi eng og‘riqli holatlardan biri – g‘alabaga yaqin turib, so‘nggi daqiqalarda natijani qo‘ldan boy berish. “Kiyimxonaga kirib ketganimizda biz o‘zimizni yutayotgandek his qildik. Ammo qaytib chiqqanda maydonda boshqa reallik kutib turgandi. Bu oson emas,” – deya xulosa qildi Mareska.
Ma’lumot uchun, “Chelsi” musobaqaning chorak finalida Braziliyaning kuchli klublaridan biri — “Palmeyras”ga qarshi to‘qnashadi. Endi Mareska jamoasi juda qisqa vaqt ichida qayta ruhlanishi va navbatdagi o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lishi kerak. Yo‘lda to‘siqlar ko‘p, ammo har bir o‘yinda – yangi imkoniyat. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar