
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida "Inter Mayami" jamoasi PSJga qarshi o‘yinda yirik mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu natijadan so‘ng jamoa sardori, afsonaviy hujumchi Lionel Messi matbuotga o‘z munosabatini bildirdi.
Messi raqib jamoaning salohiyatini yuqori baholadi va bu mag‘lubiyat tasodif emasligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, PSJ jahon futbolidagi eng kuchli klublardan biri ekanini yana bir bor namoyon qildi.
— Ular juda kuchli va jips jamoa. YECHLning amaldagi chempioni ekanliklari ham buni tasdiqlaydi. Biz maydonda bor kuchimizni sarfladik, oxirigacha kurashdik. Shaxsan men uchun eng muhimi, jamoam ushbu turnirda o‘z yuzi va xarakterini namoyon etdi. Biz qaysidir ma’noda yaxshi taassurot qoldirdik, — dedi Lionel Messi.
Shu bilan birga, argentinalik yulduz futbolchi kelajakka ham umid bilan qarash kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, bu mag‘lubiyat orqali jamoa katta saboq oldi va endi navbatdagi musobaqalarda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi shart.
— Bizni oldinda yana ko‘p yirik musobaqalar kutmoqda. Bu mag‘lubiyat biz uchun bir fursat — kuchliroq va tayyorroq jamoa sifatida maydonga qayta kelish imkoniyati. Bizda shunday potensial bor, — deya qo‘shimcha qildi u.
Shu tariqa, "Inter Mayami" uchun ushbu yirik turnir yakuniga yetdi. Ammo klub rahbariyati va futbolchilari bundan ruhan sinmaganini, balki o‘z ustida ishlashga tayyor ekanini namoyon etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar