
"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot jamoa a’zosi Diogu Jota bilan oxirgi muloqotini eslab, uni Portugaliya terma jamoasining Millatlar Ligasidagi zafarli natijasi va to‘yi munosabati bilan tabriklaganini ta’kidladi.
Avvalroq ma’lum bo‘lganidek, Diogu Jota va uning ukasi — “Penafiyel” klubi a’zosi Andre Silva Ispaniyaning shimoli-g‘arbiy hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport fojiasida hayotdan ko‘z yumdi.
"Bu kabi paytda gap topish qiyin. Qanday so‘z aytsam, og‘riq va ko‘ngil zarbalarini yengillashtirishi mumkin? Qaniydi, qandaydir so‘z topib gapira olsam.
Menda bor narsa — biz sevgan inson va futbolchi haqida gapirish imkoniyati. Mening bu fikrlarimni menejer emas, balki ota, o‘g‘il, aka, do‘st va qarindosh sifatida qabul qiling. Diogu va Andre Silva oilasi tushunarsiz bir ajralishga duch keldi.
Mening e’tiqodim aniq: sizni hech qachon yolg‘iz qoldirmaymiz. "Liverpul" futbol klubi a’zolari, xodimlari va muxlislari sizning yoningizda. Men bugun ko‘rgan manzaralarga tayangan holda aytaman — futbol oilasi yanada keng qamrovli ekan.
Bu voqea klub uchun so‘zsiz zarba. Diogu jamoamizning faqat futbolchisi emas, balki barcha uchun aziz inson edi. U ishonchli jamoadosh va mehribon hamkasb bo‘lgan.
Uning jamoamizga qo‘shgan hissasi haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo uning o‘yinlarini kuzatgan har bir inson buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Mehnatsevarlik, intilish, fidoyilik, mahorat va gollar — “Liverpul” futbolchisi qanday bo‘lishi kerakligining ifodasi edi.
Ko‘pchilik ko‘rmagan jihatlar ham bor. U hech qachon mashhurlikka intilmagan, lekin uni baribir topgan inson edi. Hammaning do‘sti, oilasini sevgan va ulug‘lagan shaxs edi.
Oxirgi bor gaplashganimizda, men uni Millatlar Ligasidagi yutuqlari bilan tabriklagan edim va to‘yi baxtli o‘tishiga umid bildirganman. Bu yoz unga va oilasiga baxt porlab turgan palla edi, ammo endi shunday tugashi og‘riqlidir.
Men klubga yangi kelgan paytimda o‘rgangan qo‘shiqlardan biri muxlislar tomonidan Dioguga bag‘ishlangan qo‘shiq edi. Men u bilan avval birga ishlamagan edim, lekin yillar davomida juda ko‘p ajoyib o‘yinchilarni ko‘rgan "Liverpul" muxlislari Diogu uchun shunday noyob qo‘shiq aytayotgan ekan, demak, unda o‘ziga xos fazilatlar borligini anglab yetgandim.
Uning shunday fazilatlarini yo‘qotishga ko‘nikish juda og‘ir. Shuning uchun klubda hamma birdamlikda, yaqinlikda bo‘lishi kerak.
Men Dioguning rafiqasi Rute, ularning uch nafar farzandi hamda Diogu va Andre Silvaning ota-onalariga yurakdan hamdardlik bildiraman.
Kelajakda uning gollarini eslab, qo‘shig‘ini kuylashda davom etamiz. Biroq shundoq ham uning inson sifatidagi obrazi qalbimizda yashaydi. U hech qachon unutilmaydi.
Uning nomi — Diogu", — dedi Slot. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar