
Madridning mashhur klubi — "Real" yangi mavsumga jiddiy tarzda hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsa-da, jamoa ichidagi strategik muammolar oldingi safga chiqmoqda. Aniqrog‘i, klubning bosh murabbiyi Xabi Alonso hujumdagi ikki yulduz — Vinisius Junior va Kilian Mbappe o‘rtasidagi mavqeni qanday hal qilishni bilmay boshi qotmoqda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati yarim finalidagi mag‘lubiyat muammoni yanada yaqqol namoyon qildi. Ushbu bellashuvda madridliklar PSJga yirik 0:4 hisobida yutqazdi. Ushbu uchrashuvda Vinisius Junior o‘zi odatlanmagan pozitsiyada — o‘ng qanotda harakat qildi. Mbappe esa chapda to‘p surdi. Ular orasida esa yosh hujumchi Gonsalo Garsiyaga o‘rin berildi.
Jurnalist Migel Anxel Dias tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Vinisius Junior atrofidagi shaxslar bu qarordan keskin norozi bo‘lgan. Sababi, futbolchining o‘zi ham o‘ng qanotda o‘zini erkin his qilmayotganini aytgan. Uning harakatlari unchalik samarali ko‘rinmagan va bu holat uning ruhiy holatiga ham ta’sir qilgan.
Ta’kidlanishicha, Vinisius chap qanotda o‘ynaganda o‘zining tezligi, texnikasi va improvizatsiyasi bilan raqiblarni titroqqa soladi. Ammo aynan o‘sha pozitsiyada endi yangi yulduz — Mbappe harakat qilmoqda. Uning "Real"ga kelishi butun taktik so‘zlashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Ayni paytda, madridliklar lageridan Vinisiusning potensial ketishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Uning pozitsiyasiga bo‘lgan ishonchning susayishi ortidan transfer haqidagi gap-so‘zlar yanada avj olmoqda. Har holda, u klubga hali yoshligida kelib, yetakchiga aylangan edi. Ammo yangi sharoitda uning kelajagi noaniq ko‘rinmoqda.
Murabbiy Xabi Alonso uchun bu oson vazifa emas. Bir tomondan — Mbappe kabi dunyo yulduzi va jamoa uchun katta sarmoya bo‘lgan futbolchini asosiy pozitsiyada o‘ynatish zarur. Ikkinchi tomondan — Vinisius singari ishonchli va samarali futbolchi jamoada o‘z o‘rnini yo‘qotmasligi kerak.
Muxlislar orasida ham bu mavzuda qizg‘in bahslar ketmoqda. Kimdir Mbappega nisbatan afzallik berilishi tabiiy, deydi. Boshqalar esa Vinisiusning xizmatlarini qadrlash kerak, deb hisoblaydi.
Hozircha jamoa ichida rasman biror tanqidiy bayonot berilmagan. Ammo vaziyatni murakkablashtirmaslik uchun klub rahbariyati va murabbiylar shtabi ikki yulduzni maydonda ham, shaxsan ham to‘g‘ri joylashtirish bo‘yicha tezkor qaror qabul qilishi kerak.
Aks holda, "Real"ning yangi mavsumdagi o‘yini nafaqat taktik, balki psixologik jihatdan ham jiddiy bosimlar ostida bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing