
Krishtianu Ronaldu to‘p surayotgan Saudiya Arabistonining mashhur klubi "Al-Nasr" katta o‘zgarishga qo‘l urdi. Jamoa bosh murabbiy lavozimiga portugaliyalik tajribali mutaxassis Jorje Jezush rasman tayinlandi, deb xabar berdi klub matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning boshlarida "Al-Nasr" italiyalik murabbiy Stefano Pioli bilan yo‘llarni ajratgandi. Mazkur qarordan so‘ng jamoaga yangi yetakchi izlana boshlandi va nihoyat, klub o‘z tanlovini ma’lum qildi — endi rul Jezush qo‘lida.
Jorje Jezush so‘nggi bor "Al Hilol" klubida faoliyat yuritgan edi. Uning boshqaruvida mazkur jamoa Saudiya Arabistoni chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Qizig‘i shundaki, "Al-Nasr" esa ushbu musobaqani uchinchi pog‘onada yakunlagandi.
Jezushning qaytishi bir necha sabablar bilan bog‘liq. Avvalo, u Saudiya Arabistoni futboli muhitini yaxshi biladi, ikkinchidan, u yerdagi sharoit, fanatlar va chempionat ruhiga beg‘am emas. Ammo asosiy sabab boshqa: uni taklif qilgan shaxs Krishtianu Ronalduning o‘zi bo‘lgan.
“Men Saudiya Arabistonini yaxshi ko‘raman, bu mamlakat nafaqat futbol, balki kelajak uchun ham muhim. Qaytib kelganimdan juda mamnunman”, – dedi Jezush taqdimot chog‘ida.
Mutaxassis o‘z so‘zlarida Ronalduga alohida e’tibor qaratib, uning taklifiga rad javobi berishning imkonsizligini ta’kidladi:
“Krishtianu – qayerda o‘ynasa, u yerda g‘alaba keltirgan futbolchi. Faqat Saudiya Arabistoni qolgan edi. Ko‘ramiz, bu gal unga g‘alaba yo‘lida yordam bera olamanmi. Biz bir tilda gaplashamiz, bu katta ustunlik”.
Futbol muxlislari uchun bu yangilik shubhasiz qiziqarli. Chunki Jezush va Ronaldu ikkisi ham portugal futbolining sharafini himoya qilgan, futbol maydonida o‘z so‘zini aytgan shaxslar. Endi esa ular bir jamoa safida umumiy maqsad – chempionlik uchun harakat qilishadi.
"Al-Nasr"dagi bu yangi bosqichning qanday kechishi, jamoa yangi bosh murabbiy bilan qanday natijalarga erishishi hozircha noma’lum. Biroq bir narsa aniq – portugal duetidan ham muxlislar, ham futbol ekspertlari katta umidda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar