
Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi yanada qiziqarli bo‘lishi, chempionlik uchun kurash yuqori cho‘qqiga chiqishi kutilmoqda. Angliyalik tahlilchilar yangi chempionatning asosiy da’vogarlari sifatida amaldagi chempion “Liverpul” hamda yana taxtni qaytarish niyatidagi “Manchester Siti”ni tilga olishmoqda.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan manchestercity.news portali muxlislar uchun qiziqarli tahlilni e’lon qildi. Unda “Liverpul” safiga qo‘shilishi kutilgan mahoratli hujumchini to‘xtatishda Gvardiola aynan o‘zbek futbolchisi yordamiga suyanishini ta’kidlangan.
- Agar “Liverpul” maqsadini amalga oshirib, “Nyukasl” hujumchisi Aleksandr Isaakni qo‘lga kiritsa, mutaxassislar nazarida Arne Slot shogirdlari yangi mavsumda ham Premer-liga g‘olibligiga asosiy nomzodga aylanadi.
“Liverpul” o‘tgan chempionatda 23 ta gol kiritgan shved hujumchisi transferi bo‘yicha takliflarni “Nyukasl”ga yuborgan. Agar Isaak “Enfild”ga borsa, “Manchester Siti” bundan xavotirga tushishi aniq.
Gvardiolaning ixtiyorida dunyodagi eng kuchli to‘purar – Erling Xoland harakat qilayotganiga qaramay, o‘tgan mavsum Arne Slot shogirdlari “shaharliklar”dan chempionlikni osonlikcha sug‘urib olgan va yozda Florian Virts, Milosh Kerkez, Jeremi Frimpong bilan safini mustahkamlab, yangi mavsumda asosiy favoritga aylangan.
Gvardiola raqib hujumlarini qaytarishda markaziy himoyachilar jufti – Ruben Diash va Yoshko Gvardiolga suyanadi. Agar Aleksandr Isaak “Liverpul”da paydo bo‘lsa, 25 yoshli hujumchini to‘xtatish mas’uliyati aynan shu himoyachilar zimmasiga tushadi.
Biroq “Manchester Siti” futbolchilari orasida Aleksandr Isaak bilan yangidan duel kutayotgan o‘yinchi Abduqodir Husanovdir. Gvardiola “o‘ziga xos futbolchi” deb ta’riflagan o‘zbek himoyachisi o‘tgan mavsum “Nyukasl”ning yetakchi to‘purarini to‘liq to‘xtatgan va jamoasining 4:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan edi.
Uchrashuv natijasidan qat’i nazar, Eddi Xau shogirdlari o‘sha o‘yinda “shaharliklar” darvozasiga ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratish, tezkor qarshi hujumlar uyushtirishga harakat qilgan edi.

Haqiqat shundaki, o‘sha bahsda Husanov raqib hujumchisi Isaakni butunlay to‘xtatdi. Husanov duelda ustun kelib, havodagi kurashlarda g‘olib bo‘ldi, jarima maydonchasida raqibni “toza” qo‘riqladi, o‘zini ham, zarbasini ham o‘tkazmadi.
Gvardiola o‘zbek himoyachiga Isaakni shaxsan qo‘riqlashni topshirgan bo‘lishi mumkin. Bu taktika samara berdi. Chunki yosh himoyachi tezkor Isaakdan sprintlarda qolishmadi, yakkakurashlarda ham mag‘lub bo‘lmadi. Isaak esa, liganing eng tez va o‘yinni yaxshi o‘qiydigan futbolchilaridan biri. Shved hujumchisi 21 yoshli Husanovga nisbatan pressing qo‘llagan vaziyatlar ham natija bermadi. Xotirjam o‘ynagan Abduqodir raqib bosimidan oson chiqdi va jamoadoshlariga aniq pas uzatdi.
Abduqodir Husanovga qarshi to‘p surgan Aleksandr Isaak o‘sha bahsda biror zarba yo‘llay olmadi, himoyachini umuman aldab o‘tolmadi, jamoadoshlarini qulay vaziyatga olib chiqadigan pas bermadi va to‘qqiz marta to‘pni yo‘qotdi.
“Manchester Siti” Aleksandr Isaak uchun noqulay raqib bo‘lib kelgan. Shvetsiyalik to‘purar “shaharliklar”ga qarshi olti marta o‘ynagan va jamoasi faqat bir marta g‘alaba qozongan. Isaakning o‘zi Gvardiola jamoasiga ikkita to‘p kiritishni uddalagan.
Agar Aleksandr Isaak “Liverpul”dek kuchli jamoaga o‘tsa, “Manchester Siti” uchun yanada xavfli raqibga aylanadi. Demak, Abduqodir Husanovni Yevropaning eng xavfli hujumchilaridan biriga qarshi navbatdagi duel kutib turibdi, — deb yozadi manchestercity.news sayti tahlilchisi Srinivas Sadxanand. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar