date

Rodrigo "Barsa"ga o‘tadimi? Katta sensatsiya tayyormi?

Rodrigo "Barsa"ga o‘tadimi? Katta sensatsiya tayyormi?
Madridning mashhur klubi – "Real" safida harakat qilayotgan qanot hujumchisi Rodrigo haqida so‘nggi paytlarda jiddiy savollar tug‘ilmoqda. Uning kelajagi borasida yangi taxminlar va mish-mishlar yangramoqda. Bu haqda Braziliyaning "UOL" nashri ma’lumot berdi.

Nashr xabariga ko‘ra, 24 yoshli futbolchining ehtimoliy transferi "Barselona" rahbariyati diqqat markaziga tushgan. Kataloniya grandi Rodrigoning vaziyatini sinchiklab o‘rganayotgani va allaqachon uning vakillari bilan bevosita aloqa o‘rnatgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, agar Rodrigo "Real"dan ketishni xohlasa, "Barsa" uni o‘z tarkibiga qo‘shishga tayyorligini bildirgan.

Bir qarashda bu transfer aqlbovar qilmasdek tuyulishi mumkin. Chunki "Real" va "Barselona" o‘rtasidagi an’anaviy raqobat o‘ta qattiq va keskin. Ammo futbol dunyosida bugun imkonsiz deb bilgan narsa ertaga haqiqatga aylanishi mumkin.

Ma’lumki, Rodrigo so‘nggi mavsumda "Real"ning asosiy tarkibida doimiy o‘rin egallay olmayapti. U Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida faqatgina "Al-Hilol"ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi, qolgan ikki uchrashuvda esa zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Bu esa futbolchining o‘zi uchun ham, uning kelajagi uchun ham jiddiy savollarni tug‘dirmoqda.

Aynan shunday noaniq vaziyatda raqib klubdan qiziqish bo‘lishi Rodrigoning o‘yin faoliyatiga yangi sahifa ochishi mumkin. "Barselona" esa o‘z safini mustahkamlashni istayapti, ayniqsa, qanotdagi hujumda raqobatni oshirish uchun. Rodrigoning texnik mahorati, to‘p bilan ishlashdagi chapdastligi va yuqori tezlikda harakat qilishi uni Ispaniya chempionatida eng kuchli vingerlardan biriga aylantirgan.

Hozircha Rodrigo yoki uning agenti bu taklif haqida rasmiy bayonot bermadi. Ammo "Barsa" kabi yirik klubning qiziqish bildirishi uning faoliyatida yangi bosqich boshlanishi ehtimolini kuchaytiradi. Futbolda bunday sensatsion transferlar har doim muxlislar uchun katta qiziqish uyg‘otadi.

Futbol muxlislari esa hozircha bir savolga javob izlashmoqda: haqiqatan ham Rodrigo "Real"dan ketib, uning abadiy raqibi bo‘lgan "Barselona"ga o‘tadimi? Yo‘qmi? Bu savolga yaqin kunlarda javob topilishi mumkin. Chunki transfer oynasi ochiq, va har qanday o‘zgarishga tayyor turish kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rodrigo "Barsa"ga o‘tadimi? Katta sensatsiya tayyormi?