
Angliyaning mashhur hujumchisi Markus Reshford tez orada yangi jamoa safida to‘p surishi mumkin. Uning faoliyatidagi yangi sahifa Ispaniyada ochilishi ehtimoli ortib bormoqda. Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, "Barselona" va "Manchester Yunayted" klublari o‘rtasida Markus Reshfordni ijara asosida sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, forvard tez kunlarda Ispaniyaga yetib borishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda.
Nashr ta’kidlashicha, ijara shartnomasiga 30–35 million yevroga sotib olish bandi kiritilgan. Ammo bu raqam hali rasmiy emas — muzokaralar davomida "Manchester Yunayted" avval 50 million yevro talab qilgan, keyinchalik esa narxni pasaytirishga majbur bo‘lgan.
Shu bilan birga, "Barselona" klubi rahbariyati Reshfordni jamoaga qo‘shish orqali hujumdagi raqobatni yanada kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Ayni paytda, jamoa qanotda va markazda harakat qila oladigan universal hujumchini izlayotgani ma’lum. Markus esa bunday talablarga to‘liq javob beradigan futbolchi sifatida ko‘rilmoqda.
Futbolchi o‘tgan mavsumda "Manchester Yunayted" safida barqaror o‘yin namoyish etolmagan, ayniqsa, Erik ten Xag boshchiligidagi jamoada uning o‘rni ancha murakkablashgan. Mana shu vaziyat tufayli, futbolchi o‘zi uchun yangi imkoniyat izlashga majbur bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Kataloniyaliklar uchun esa bu transfer — moliyaviy jihatdan tejamli, ayni paytda jamoaga toza havo olib kiruvchi yangilik bo‘lishi mumkin. Jamoa hujumdagi kuchni oshirishni istamoqda va Reshfordning to‘p bilan ishlash madaniyati, tezkorlikdagi ustunligi, xavfli hujumlar yaratish qobiliyati bu rejaga mos keladi.
Markusning o‘zi hozircha bu masala bo‘yicha ommaviy bayonot bermagan, ammo insayderlar ma’lum qilishicha, u Ispaniyaga o‘tish g‘oyasini ijobiy baholamoqda. Agar barcha shartlar muvofiq kelsa, "Barsa" yangi mavsumni yangi yulduz bilan boshlashi mumkin.
Futbol muxlislari esa intiqlik bilan rasmiy bayonotni kutmoqda: Markus Reshford haqiqatan ham "Barselona" futbolchisiga aylanadimi? Tez orada bu haqda aniq javob bo‘ladi. Chunki transfer oynasi ochiq va har soniyada sensatsiya sodir bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar